Ру Ўз O`z En

2021 yilda salkam 400 ming gektar maydonda sugʼorishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

19 Fevral 2021 1838

Oʼzbekiston Respublikasi Orol dengizi havzasida joylashgan boʼlib, uning asosiy suv manbai Аmudaryo va Sirdaryo daryolari, shuningdek, ichki daryo va soylar hamda yer osti suvlaridir.

Maʼlumotlarga koʼra, “Аmudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv resurslaridan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalariga muvofiq Oʼzbekiston Respublikasi uchun oʼrtacha koʼp yillik suv olish limiti 64 mlrd kub metrni tashkil etadi.

Shu bilan birgalikda, 1980 yillarda respublikaning yillik suv isteʼmoli koʼp yillik limit doirasida boʼlib, soʼnggi yillarda global iqlim oʼzgarishi, shuningdek, transchegaraviy suvdan foydalanish muammolari tufayli foydalanilgan oʼrtacha yillik suv miqdori 51 mlrd kub metrni, jumladan, 97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer ostidan foydalanib, ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.

Respublikada sugʼoriladigan yer maydoni 4,3 mln gektarni tashkil etib, jami suv resurslarining oʼrtacha 90-91 foizi qishloq xoʼjaligi sohasida foydalaniladi.

Dunyoning koʼpgina qismida, qolaversa, mintaqamizda, jumladan, mamlakatimizda ham suv resurslariga boʼlgan talab ortayotganligi bilan birga, suvning taqchilligi ham yildan yilga oshib bormoqda. Bu esa qishloq xoʼjaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejadigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4919-sonli qarori ham, suv tanqisligining oldini olish hamda mahsulot yetishtirishda sifat va samaradorlikni yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.

2021 yili Respublika boʼyicha jami 316843 gektar maydonda suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini oʼrnatish rejalashtirilgan. Jumladan, tomchilatib sugʼorish texnologiyasi joriy qilinadigan maydonlar 276184 gektarni (paxta 221530 gektar), yomgʼirlatib sugʼorish 40036 gektarni, diskretli sugʼorish texnologiyasi 623 gektarni tashkil etadi.

Tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish boʼyicha loyihalar qiymati 5,5 trln.soʼm, shundan paxta uchun 4,2 trln.soʼmni tashkil qiladi. Hozirda tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish boʼyicha 2705 ta subʼektlarda- 73668 gektarda (27%) qurilish ishlari boshlangan.

Yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish boʼyicha loyihalar qiymati 800,7 mlrd.soʼmni tashkil qiladi. Аyni vaqtda yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyasini oʼrnatish boʼyicha 149 ta subʼektlarda 6083 gektarda (15%) qurilish ishlari boshlangan.

Bugungi kunda, “Oʼzagroinspektsiya” tomonidan kutilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, sugʼoriladigan yerlarni suv bilan ishonchli taʼminlanishi, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish hamda qishloq xoʼjaligi ekinlarini sugʼorishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilinishi hamda oʼz muddatida sifatli bajarilishi boʼyicha tizimli nazorat oʼrnatilgan.

 

"Oʼzagroinspektsiya"ning Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi

Text to speech