Ру Ўз O`z En

Suv tejovchi texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi Inspeksiya nazoratida

5 Iyul 2022 1378

Prezidentning “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan ushbu texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 2 423 profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2021 yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonga 2022 yil hosili uchun joylashtirilib, parvarish qilinib kelinayotgan 67 000 gektar g‘o‘za maydonini 25 597 gektarida (38%) mavjud tomchilatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushirilmaganligi aniqlanib, mazkur texnologiyani joriy yil sug‘orish mavsumida ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarilishi to‘g‘risida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga 1 194 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Shuningdek, 2021 yilda davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olib, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan lekin mazkur texnologiyani ishlatishga ulgurmagan 236 ta (7200 gektar) qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan texnologiyalar ishga tushirildi.

O‘z navbatida, o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari jarayonidagi tushuntirishlarga va berilgan ogohlantirishlarga qaramay suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini ishga tushirmagan, shuningdek, texnologiyaning asosiy qismlaridan foydalanmagan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytartirish maqsadida 112 ta (5278 gektar) materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi taʼminlandi.

Bugungi kunda, “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan joylarda suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda mazkur texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech