Ру Ўз O`z En

Chorvachilikka subsidiya ajratilishi yuzasidan qaror ijrosi Inspektsiya nazoratida

22 Yanvar 2021 2383

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi PQ-4576-sonli “Chorvachilik tarmogʼini davlat tomonidan koʼllab-quvvatlashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorning ijrosini taʼminlashda “Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan qaror talablarini bajarilishi nazoratga olinib, mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka targʼib qilish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Inspektorlar asosan chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash, mahsuldorlikni oshirish va ozuqabop ekinlarni urugʼchiligini rivojlantirish boʼyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

chorvachilik xoʼjaliklariga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holatini tahlil qilinishini tashkil etish hamda chorva bosh sonidan kelib chiqib, mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini nazorat qilish;

chorvachilikning barcha tarmoqlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, ilmiy tadqiqot natijalari va innovatsion ishlanmalarni mahsulot ishlab chiqarish va naslchilik-selektsiya amaliyotiga joriy etish ishlarini yoʼlga qoʼyish va kadrlarni tayyorlash bilan bogʼliq boshqa masalalarni hal qilishga asosiy eʼtibor qaratmoqdalar.

Qarorning eng dolzarb, asosiy imtiyozlardan biri chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʼjaliklarga davlat tomonidan respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʼjaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million soʼm miqdorida hamda xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʼm, nasldor qoʼy va echkining har bir boshiga 400 ming soʼm miqdorida davlat tomonidan subsidiya ajratilishi nazarda tutilganligi, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xoʼjaliklarga yengilliklar yaratilib, sohani rivojlantirishda dasturilamal boʼlmoqda.

Qaror ijrosi viloyatning boshqa tumanlari kabi, Buxoro tumanida ham oʼz aksini topmoqda.

- Tumanda faoliyat yuritib kelayotgan “Bogʼi kalon” MFY hududidagi “Zarif ota” chorvachilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjaligi tomonidan shartnoma asosida Germaniya davlatidan 65 ta naslli yirik shoxli mollar keltirilganligi va Ispektsiyaning tuman boʼlimi tomonidan naslli mollarni davlat reestridan oʼtkazishda amaliy koʼmak berilib, tavsiyalarga binoan qoramollarning 30 tasiga davlat tomonidan 60 million soʼm miqdorida subsidiya tariqasida toʼlangan pul mablagʼlari bunga yaqqol misol boʼla oladi. – deydi Inspektsiyaning Buxoro tuman boʼlimi katta inspektori Baxtiyor Sheripov. -“Аmirobod-Guliston” hamda “Kunji qalʼa” MFY hududlarida chorva ozuqasini yetishtirib beruvchi 2 ta kooperatsiyalar tashkil qilinib, 7,8 gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi ekinlari ekilib, aholini chorva ozuqasi bilan uzluksiz taʼminlab borish imkoniyati yaratilganligi joylarda qaror ijrosi bajarilayotganligidan dalolat beradi.

Аlbatta, Inspektsiya xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan huquqiy va amaliy koʼmaklar chorvachilikni yanada rivojlantirish, shuningdek, bozorlarimizda narx-navoning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, olib borilayotgan barcha amaliy ishlar, shuningdek, chorvachilikda naslchilik ishlarining tartibga solinishi va joylarda istiqbolli loyihalarning bajarilishi aholining goʼsh va sut mahsulotlariga boʼlgan talabini qondirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

"Oʼzagroinspektsiya" Buxoro viloyat Аxborot xizmati boshligʼi

Text to speech