Ру Ўз O`z En

FERMER VA DEHQONLARGA: URUG‘LIK KARTOSHKALARNI XARID QILISHDA ALDANIB QOLMANG!

23 Iyun 2020 2413

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4704-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qaror ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020 yil 16 maydagi 03/1-1103-sonli nazorat jadvali ishlab chiqilgan.

Mazkur qarorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Inspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi hamda viloyatlar boshqarmalari va tumanlar bo‘limlari inspektorlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Xususan, Samarqand viloyat boshqarmasining tuman bo‘limlari tomonidan o‘rganishlar o‘tkazish davomida 2020 yil hosili uchun kartoshka ekilishi rejalashtirilgan tumanlardagi 49 ta fermer xo‘jaliklariga “Bananza Trade Exsport” MChJ va “Sho‘rchi agro tayyorlov” MChJlar tomonidan jami 172,6 tonna muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan iste’mol uchun xorijiy davlatlardan olib kirilgan kartoshka tarqatilganligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, viloyatning Qo‘shrabot tumanida “Bananza Trade Exsport” MChJ tomonidan 9 ta fermer xo‘jaliklariga 50,6 tonna kartoshkalar urug‘lik kartoshka sifatida tarqatilganligi aniqlangan. Inspeksiyaning tuman inspektorlari tomonidan ushbu tarqatilgan kartoshkani urug‘lik kartoshka ekanligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni talab qilganida, “Bananza Trade Exsport” MChJ tomonidan biron bir xujjat yoki muvofiqlik sertifikati taqdim etilmagan. Fermer xo‘jaliklariga tarqatib yuborilgan kartoshkalarning ayrim qoplarida ushbu kartoshka is’temol uchun Rossiya Federatsiyasidan keltirilganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lsada, ammo biron-bir muhr yoki imzo bilan tasdiqlanmaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Jomboy tumanida “Sho‘rchi agro tayyorlov” MChJ tomonidan 14 ta fermer xo‘jaliklariga 24 tonna kartoshka tarqatilgan bo‘lib, tarqatilgan kartoshka hujjatlari tuman inspektorlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda ular urug‘lik emas balki  iste’mol kartoshkasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shu jumladan, Ishtixon tumanida ham “Bananza Trade Exsport” MChJ, tomonidan 26 ta fermer xo‘jaliklariga 98 tonna kartoshka tarqatilgan bo‘lib, ushbu tarqatilgan kartoshkani urug‘lik kartoshka ekanligi to‘g‘risida biron bir hujjat taqdim etilmasdan tarqatilib yuborilganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Inspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va tuman hokimliklariga ogohlantirish xati kiritildi hamda tarqatib yuborilgan kartoshkalarni fermerlardan qaytirib olish va soxta tadbirkorlarga chora ko‘rish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi kartoshka yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va korxonalarni ogohlantiramiz!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi PQ-4704-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 maydagi 282-sonli qarorlarida import bo‘lgan hamda mahalliy yetishtirilgan urug‘lik kartoshkalarning muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hollarda Respublika hududiga kiritimaslik va kartoshka yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va korxonalarning yer maydonlarida ekishni taqiqlash bo‘yicha topshiriqlar berilganligini ma’lum qilamiz.

Text to speech