Ру Ўз O`z En

Jizzaxda chigit ekiladigan yerlarni tayyorlash ishlarini 12 kun ichida yakunlash boʼyicha topshiriqlar berildi

30 Mart 2021 1796

Yana sanoqli kunlardan soʼng Jizzaxlik dehqonlar ham chigit ekishni boshlaydilar. Ushbu yumush dehqon va qishloq xoʼjaligiga dahldor boʼlgan barcha mutasaddilardan jiddiy eʼtibor va masʼuliyatni talab qiladi. Jizzax viloyatining Doʼstlik tumanida boʼlib oʼtgan mavsum oldi seminarida ham ayni shu masalalarga urgʼu berildi. “Gʼaybulla ota” fermer xoʼjaligi dala maydonida tashkil etilgan seminar avvalida shular xususida soʼz yuritilib, yer tayyorlashni oʼz muddatida tugallash hamda mavsumda qatnashadigan texnikalar va otryad guruhlari kuchidan samarali foydalanish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Viloyat hokimi va tuman hokimining qishloq va suv xoʼjaligi masalalari boʼyicha oʼrinbosarlari, “Oʼzagroinspektsiya” ning viloyat va tuman boʼlimi xodimlari hamda sohaga masʼul boʼlgan korxona va tashkilotlar, paxta-toʼqimachilik klasteri va fermerlar ishtirok etgan tadbirda qayd etilishicha, bu yil viloyatda 80 ming 200 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Shundan 17 ming 900 gektari Doʼstlik tumani hissasiga toʼgʼri keladi.

-Mavsumni sifatli olib borish uchun viloyatda 207 ta ishchi otryadlari shakllantirilgan boʼlib, chigit ekish uchun 212 ta pevmatik seyalkalar, yer tayyorlash uchun esa 225 ta yer tekislagich, 354 chizel va 8 mingta borona taʼmirdan chiqarilib, shay holatga keltirilgan, deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi boshligʼining birinchi oʼrinbosari А.Аbdullaev. -Umuman olganda, bahorgi dala ishlarida jami 8 ming 500 dan oshiq qishloq xoʼjaligi texnikalari va agregatlari qatnashishi koʼzda tutilgan. Ularning asosiy qismini yuqori unumli, zamonaviy texnikalar tashkil qiladi.

Huddi shunday Doʼstlik tumanida jami 2 ming 30 ga yaqin texnika va agregatlar ishtirok etishi belgilangan boʼlib, ayni kunlarda yerni tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.

Seminarda taʼkidlanganidek, mavsum har bir dehqon va qishloq xoʼjaligi masʼulllaridan uyushqoqlik bilan bahamjihatlikda ish olib borishni taqozo etadi. Аna shu talablardan kelib chiqib, bu borada amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan masʼullarning axborotlari va fikr-mulohazalari tinglandi. Chigit ekishda samarali usullarni faol qoʼllash, navlarni tanlab, joylashtirishga masʼuliyat bilan yondashish zarurligi aytib oʼtildi. Tadbir yakunida yer tayyorlash ishlarini 12 kunda, ekishni esa qisqa, 10 kun muddatda nihoyasiga yetkazish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech