Ру Ўз O`z En

Mahalliy davlat hokimiyati organlari yer sohasi boʼyicha chiqarayotgan qarorlarida qonun talablariga rioya qilyaptimi...

8 Yanvar 2021 2331

Yer insoniyat taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga ega boʼlganligi sababli, undan har qanday davr va sharoitda oqilona, unumli hamda ilmiy asoslangan tarzda foydalanish zarur. Mazkur sohadagi mavjud munosabatlar esa Oʼzbekiston Respublikasining Yer kodeksi bilan tartibga solinadi.

Mazkur Kodeksning 87-moddasida qishloq xoʼjaligi va oʼrmon yerlarini, shu jumladan jismoniy shaxslar egaligidagi va foydalanishidagi qishloq xoʼjaligi yerlarini qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligini yuritish bilan bogʼliq boʼlmagan maqsadlarda foydalanish uchun olib qoʼyish, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning huquqlari cheklanishi yoki korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatining taʼsiri oqibatida yerlarning sifati yomonlashuvi tufayli qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʼrni qoplanadi, deb belgilab qoʼyilgan.

Xoʼsh, Jizzax viloyatida bu boradagi talablarga qay darajada amal qilinayapti, yer ajratish va berish bilan bogʼliq ishlarda vakolatga ega boʼlgan hokimlarning chiqarayotgan qarorlari yer qonunchiligida belgilangan norma va qoidalarga mos kelayaptimi, umuman olganda Davlat mulki sifatida qonun bilan mustahkamlab qoʼyilgan yerlarga munosabat qanchalik shakllangan? Shu kabi savollarga yaqinda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati idoralarida oʼtkazilgan oʼrganish natijalaridan javob topishimiz mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan tasdiqlangan “Er uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʼlgan hollarda yetkazilgan zarar oʼrnini qoplash tartibi toʼgʼrisida Nizom” talablariga rioya qilinishi yuzasidan viloyatning Аrnasoy, Baxmal, Gʼallaorol, Sh.Rashidov, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobod tumanlarida 2019 yil va 2020 yilning oktyabrь oylarida tuman hokimlarining qishloq xoʼjaligi yerlaridan noqishloq ehtiyojlari uchun yer ajratish toʼgʼrisidagi jami 142 ta qarorlari tahlil qilinganida qabul qilingan qarorlarning aksariyati yuqoridagi Nizom talablariga zidligi aniqlangan. Yaʼni, 31 ta qarorda qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdori 263 million 946 ming soʼmga, 13 ta qarorda esa 328 million 63 ming soʼmga kam hisoblangan boʼlgan. 76 ta qarorda 9 mlrd 6 million 818 ming soʼm miqdordagi nobudgarchiliklar koʼrsatilmagan va yer uchastkasini olishdan manfaatdor boʼlgan yuridik va jismoniy shaxslarga toʼlab berish vazifalari yuklatilmagan.

Jumladan, Sh.Rashidov tumani hokimining 2019 yil 5 avgustdagi 4974-sonli qarorida esa "Subxidam fayz" MChJga “Oltinsoy” FXHU hududidagi 296-konturdan gʼisht ishlab chiqarishga tuproq karьeri uchun 4 gektar lalmi haydaladigan yerlar 3 yil muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan boʼlib, qarorning 4-bandida "Subxidam fayz" MChJ raisi N.Toshbekovga hisoblangan 23 million 13 ming 192 soʼm miqdoridagi nobudgarchilik miqdorini toʼlab berish vazifasi topshirilgan. Bunda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini notoʼgʼri qoʼllash natijasida 20 million 251 ming 609 soʼm ortiqcha nobudgarchilik miqdori hisoblangani aniqlangan.

Shuningdek, bu kabi kamchiliklarni Forish tumani hokimining 2019 yil 12 apreldagi 1814-sonli qarorida ham uchratish mumkin. “Enter cement” MChJga sement ishlab chiqarish zavodi qurilishi uchun 70 gektar yaylov yer maydoni ajratish toʼgʼrisidagi mazkur qarorda qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari umuman koʼrsatilmagan. Vaholanki, 70 gektar yaylov yerlarning qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi 813 million 600 ming soʼmdan ziyodroqni tashkil etadi.

- Tabiiyki, mahalliy hokimliklar tomonidan chiqarilgan qarorlardagi bunday nuqsonlar oʼz ortidan bir qator salbiy holatlarni yuzaga keltirgan,-deydi “Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi inspektori Joʼraqul Аymatov. - Oʼrganib chiqilgan tumanlarda qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʼrnini qoplash uchun jami 9 mlrd 309 million 333 ming soʼm miqdordagi mablagʼlarning toʼlanmay qolishiga sabab boʼlganligi aniqlandi.

Bunga koʼra, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda nazarda tutilgan yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xoʼjaligi va oʼrmon xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari, shuningdek, yerlarning qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʼlgan hollarda yetkazilgan zararlarni aniqlash tartibini buzgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq, javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Vaholanki, qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʼrnini qoplash uchun tushgan mablagʼlardan yangi yerlarni oʼzlashtirish, sugʼoriladigan yerlarni kompleks rekonstruktsiya qilish va tuproq unumdorligini oshirish orqali qishloq xoʼjaligi yerlaridan oqilona foydalanish hamda muhofaza qilish, kollektor-drenaj tarmogʼini qurish, qayta qurish, sugʼoriladigan yerlarni kapital rejalashtirish va ularning suv taʼminotini oshirish, pichanzorlar va yaylovlarni tubdan yaxshilash, yer tuzish, kadastr va oʼrmon barpo etishdek muhim tadbirlarni amalga oshirish mumkin edi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda hukumatning 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi toʼgʼrisida Nizom”ning 12-bandiga asosan oʼrganishlarda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari va ularning kelib chiqishiga sabab boʼlayotgan sharoitlarni barataraf qilish maqsadida 7 ta tuman hokimiga taqdimnoma, 7 ta Kadastr agentligining tuman boʼlimi boshligʼiga yozma koʼrsatma berilgan hamda 1 ta Kadastr agentligining tuman boʼlimi boshligʼiga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida Kodeksning 66-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida maʼmuriy jarima jazosi qoʼllanilgan. Qonunbuzilishlarga huquqiy baho berish uchun toʼplangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim qilingan.

“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech