Ру Ўз O`z En

Mingbuloqda suv tejovchi yangi texnologiyalar hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda

5 Iyul 2022 1291

Prezidentning joriy yil 1 martdagi «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda 2022 yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshirish nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2022 yil yakunigacha respublika bo‘yicha kamida: 230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;

28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish;

2 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida diskretli sug‘orish tizimlari joriy qilinadi;

218 ming gektar ekin maydonlari lazerli uskuna yordamida tekislanadi.

Qarorga muvofiq, 2022 yildan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga subsidiyalar beriladi.

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi ayrim yerlar suv borishi qiyin bo‘lgan, cho‘l hududlari hisoblanadi. Shu bois ham uzoq yillar davomida bu yerlarda ekilgan paxtaning hosildorligi boshqa hududlarga nisbatan ancha past edi.

-   Asosan zovurdagi suvlardan paxta va g‘alla maydonlarimizni sug‘organligimiz bois ayniqsa, yozning issiq kunlari suvdan qiynalardik,-deydi “Jo‘raazbadal dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari R. Azbadalov. – “Art sof teks” klaster korxonasi yordami bilan bu yil avvalida 33 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qildik. Natija dalalarimizdagi g‘o‘zaning rivojida ham yaqqol ko‘rinmoqda.

Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida "O‘zagroinspeksiya"ning Mingbuloq tuman bo‘limi tomonidan bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.

- Belgilangan dasturga asosan, tumanda klaster korxonasi tomonidan joriy yil boshidan beri  tumanda 609 gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, — deydi «O‘zagroinspeksiya»ning Mingbuloq tuman bo‘limi katta inspektori T. Bozorboyev. — Shundan, 514 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish, 95 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishga mo‘ljallangan  suv tejovchi innovatsion texnologiyalarni o‘rnatildi. Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun belgilangan loyihalar ijrosi yuzasidan kunlik monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Muxtasar aytganda, tomchilatib sug‘orish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda o‘z isbotini topmoqda. Shunday ekan, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida, ko‘proq daromad olishga zamin hozirlangan bo‘lardi.

I. Musayev, “O‘zagroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchlik bilan aloqalar shoʻbasi bosh inspektori

Text to speech