Ру Ўз O`z En

NAVOIY VILOYATIDA 2127 GEKTAR MAYDONLARIGA TO‘QSONBOSTI USULIDA EKSPORTBOP SABZAVOT EKINLARI EKILADI

13 Noyabr 2020 2295

Yerdan yil davomida unumli foydalanish bu yana qo‘shimcha daromad, qolaversa, ro‘zg‘orga ham baraka degani. Ayniqsa, bunda to‘qsonbosti usulida ekiladigan ekinlarning ahamiyati katta. Chunki kuzda ekilgan urug‘lar erta bahorda unib chiqib barvaqt hosilga kiradi. Bu bilan bozorlarimiz to‘kin-sochinligi, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilikka hissa qo‘shiladi.

Shu bilan birga aholining sabzavot va ko‘katlarga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Prezidentning joriy yil 15 oktabrdagi “Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4863-sonli Qarorida sarimsoqpiyoz yetishtirish va eksport qilish hajmlarini ko‘paytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan yerlarni tayyorlash va ekinlarni kechiktirilmay ekilishi borasida nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 sentabrdagi “2021 yil hosili uchun 2020 yilning sentabr-oktabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish, talab etiladigan moddiy-resurslarini yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 01-03/1-234-sonli yig‘ilish bayonida Respublika aholisini bahor oylarida ertaki sabzavot mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash, ichki bozorlarda narh-navoning barqarorligini saqlash hamda ertaki eksportbop mahsulotlar yetishtirish va eksport qilish hajmlarini oshirish uchun 2020 yilning sentabr-oktabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida eksportbop sabzavot ekinlarini o‘z muddatlarida ekilishini ta’minlash vazifalari berilgan.

Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha viloyatda 2021 yil hosili uchun ekiladigan yuqori daromad beradigan eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari to‘liq ekilishi bo‘yicha nazorat tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.

Ma’lumot  o‘rnida shuni aytish joizki, joriy yil viloyat bo‘yicha sentabr-dekabr oylarida jami 2127 gektar maydonlarga piyoz, sarimsoqpiyoz va ko‘katlar ekilishi rejalashtirilgan. Oktabr oyiga qadar rejada bo‘lgan 286 gektar o‘rniga 288 gektar maydonga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari ekildi. Ularning 61 gektari ochiq maydonga to‘g‘ri kelsa, qolganini bog‘ qator oralariga ekilgan.

Ayni paytda noyabr-dekabr oyi uchun to‘qsonbosti usulida ekish ishlariga hozirlik qizg‘in boshlab yuborilgan. Bunda yerlarni tayyorlash, sifatli urug‘larni buyurtma qilish hamda zarur texnikalar shayligi e’tiborga olingan.

Noyabr-dekabr oylarida viloyat bo‘yicha jami 1841 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida ekin ekish rejaga kiritilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Abbos Rizoqulov. Inspeksiyaning boshqarma va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan yerlarni ekishga tayyorlanishi bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilyapti. Hududlarda fermerlar bilan uchrashib, ekin ekilish vaqtini kechiktirmasligi to‘g‘risida ogohlantirilmoqda. Hozirga qadar viloyat bo‘yicha 584 gektar yer ekishga tayyorlandi. Shundan, 376 gektariga piyoz va bir gektariga turli ko‘katlar urug‘i ekildi. Ekilgan yerning 29 gektari ochiq maydonga,
348 gektari bog‘-tok qator orasiga to‘g‘ri keladi. Ekinlarni unishi, parvarishi, hosildorlikka erishish tadbirlari bo‘yicha ham fermerlarga bir qator tasviyalar berib borilmoqda.

Viloyatning dehqonchilik uchun qulay hududlaridan biri sanalgan Xatirchi tumanida noyabr-dekabr oyida 376 ta fermer xo‘jaliklarining
503 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida ekin ekish rejalashtirilgan. Inspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori Jamoliddin Bobomurodov bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kungacha 250 gektar yerga mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan ishlov berilgan holda ekish uchun yer tayyorlangan.

Bugungi kunda, tumanda 210 gektar maydonga piyoz, ko‘katlar va boshqa ekin turlari ekildi. Yil ohiriga qadar yana 10 gektar maydonga ko‘kat urug‘i va qolganiga piyoz ekish ko‘zda tutilgan.

Fermer xo‘jaligimiz yeridan unumli foydalanib kelamiz, - deydi tumandagi “To‘xta bobo” fermer xo‘jaligi raisi Begzod To‘xtaev. – Sentabr-oktabr oyida 70 sotix ochiq maydonga piyoz, 10 sotix bog‘ qator orasiga sarimsoqpiyoz ekkanmiz ushbu maydondan 35 tonnadan ortiq piyoz hosili olishni mo‘ljallab turibmiz. Ayni kunlarda bog‘-tok qator orasiga ko‘kat va piyoz ekish uchun yer maydoniga ishlov beryapmiz. “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limi xodimlari tomonidan yerni ekishga tayyorgarligi, ekish jarayonlari sifatli bajarilayotganligini,  mineral hamda mahalliy o‘g‘itlar bilan ta’minlanganligi bo‘yicha amaliy yordam berib, muntazam nazorat qilib borishmoqda. Kelasi yil to‘qsonbosti ekinlaridan mo‘l hosil olishni ko‘zlaganmiz deydi fermer xo‘jaligi rahbari.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda amalga oshirilayotgan bu kabi nazorat tadbirlari fermer xo‘jaligining ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish, kelgusida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirishda muhim rol o‘ynamoqda.

 

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech