Ру Ўз O`z En

Respublikada parrandachilikni yanada rivojlantirish - oziq-ovqat xavfsizligi yoʼlida muhim qadam

18 Fevral 2021 3292

Jahon chorvachilik sohasining rivojlanishi shuni koʼrsatadiki, chorvachilikda parranda goʼshti ishlab chiqarish boshqa hayvonlar turiga qaraganda jadallik bilan rivojlanmoqda. Parrandani bekorga “Etti xazinaning biri” deya atashmaydi, chunki tovuq qisqa vaqt oraligʼida goʼshtga kirishi, tuxum berishi va ijtimoiy hayotda foydalanadigan boshqa mahsulotlar manbaiga aylanishi barchaga maʼlumdir.

Bugungi kunda, Broyler joʼjalarining jadal oʼsishi va sarflangan ozuqalarga nisbatan yuqori sifatli arzon goʼsht yetishtirish, qisqa vaqt ichida qilingan harajatlarning qoplanishi hamda aholining parhez parranda goʼshtiga boʼlgan talabining oshishi sababli parrandachilikka qiziqish tobora ortib bormoqda.

Jumladan, 2020 yilda dunyoda parranda goʼshti ishlab chiqarish 128,4 mln. tonnani, shu jumladan broyler goʼshti 97,8 mln. tonnani tashkil etadi.

Shuningdek, 1 trl. 233 mlrd. dona tuxum ishlab chiqildi, bu bilan 10 yil ichida oʼsish soʼratlari 18 foizni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, 74 ming tonna tuxum kukuni, 53,2 ming tonna tuxum oqsili kukuni va 68 ming tonna tuxum sarigʼi kukuni ishlab chiqilgan.

Davlatimiz tomonidan qishloq xoʼjaligi, shu jumladan parrandachilik tarmogʼini rivojlantirishga katta eʼtibor berib kelinmoqda.

Jumladan, parrandachilik tarmogʼiga qator subsidiya va imtiyozlar berilib, imtiyozlardan foydalanib iqtisod qilingan mablagʼlar parrandachilik korxonalarini rivojlantirishga va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun yoʼnaltirilishiga hamda yangi parrandachilik korxonalari va fermer xoʼjaliklarini tashkil etilishiga zamin yaratayotganini aytib oʼtish lozim.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Chorvachilik tarmogʼini davlat tomonidan koʼllab-quvvatlashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 2020 yil 29 yanvardagi PQ-4576-sonli qarorida chorvachilik tarmogʼini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash maqsadida:

-parrandachilik xoʼjaliklariga har bir bosh 1 kunlik naslli joʼjani import qilish bilan bogʼliq xarajatlarning 9 ming soʼmini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi;

-Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Аndijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandalarning yuqori mahsuldor zotlari va krosslarini urchitish bilan shugʼullanuvchi goʼsht yoʼnalishidagi II-tartibli reproduktor naslchilik parrandachilik korxonalari faoliyatini yoʼlga qoʼyilishi belgilab qoʼyildi;

-parrandachilik korxonalariga oʼzi ishlab chiqargan tuxum va goʼsht mahsulotlarini eksport qilishda, nasldor inkubatsion tuxum va nasldor bir kunlik joʼjalarni, vaktsina, veterinariya dori vositalarini import qilishda, istisno tariqasida, amaldagi havo transportida tashish tariflariga nisbatan 20 foizlik chegirma berish toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullandi.

Parrandachilik va yem ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2022 yil 1 yanvarga qadar oʼz ehtiyoji uchun maqsadli ravishda ozuqa komponentlari va qoʼshimchalarini (TIF TN kodi 1001, 1005, 1201, 1206, 2304, 2306, 2309, 2835, 2922, 2930) temir yoʼl orqali tashishda, istisno tariqasida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi temir yoʼllari tarif siyosatining 35 foizidan koʼp boʼlmagan miqdorda chegirma berish toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullandi.

Respublikada, parrandachilikni rivojlantirish, ishlab chiqarishga intensiv texnologiyani keng joriy etish boʼyicha keyingi yillarda olib borilayotgan ishlab chiqarish hajmlari sezilarli darajada koʼpayib, ichki isteʼmol bozorlarida parrandachilik mahsulotlari narx-navolarining barqarorligi taʼminlanmoqda.

Sohani rivojlantirish boʼyicha qabul qilingan dasturlar ijrosini taʼminlash hisobiga 2020 yilda parrandalar bosh soni 93,1 mln. boshga, tuxum ishlab chiqarish 7,8 mlrd. donaga, parranda goʼshti ishlab chiqarish 220 ming tonnaga yetkazildi va respublika boʼyicha jon boshiga tuxum ishlab chiqarish 229 donani, parranda goʼshti 6,5 kg. ni tashkil etdi.

Respublikada bugungi kunda jami 1 ming 55 parrandachilik subʼektlari mavjud boʼlib, shundan 39 tasini naslchilik parrandachilik subʼektlari tashkil etib, ularda jami 6 mln. 172 ming bosh naslli parrandalar parvarish qilinmoqda.

Inspektsiya organlari tomonidan joriy yilda parrandachilik sohasida qonunchilik ijrosini taʼminlanishi yuzasidan 400 tadan ortiq nazorat tadbirlari oʼtkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmogʼiga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq 2021 yilda respublikaga import qilinadigan bir kunlik 1 mln. boshdan ortiq nasldor joʼjalar uchun subsidiyalar ajratilishi nazoratga olinadi.

Bundan tashqari, Respublikada joriy yilda parrandalar bosh soni 99,4 mln. boshga, tuxum ishlab chiqarish 8,1 mlrd. donaga, shu bilan birga 250 ming tonnadan ortiq parranda goʼshti ishlab chiqarilishi toʼliq nazoratga olinadi.

"Oʼzagroinspektsiya" Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish boshqarmasi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech