Ру Ўз O`z En

TOMDI: NASLCHILIK XO‘JALIKLARIDAGI MAYDA SHOXLI MOLLAR TO‘LIQ IDENTIFIKATSIYАDAN O‘TKAZILDI

1 Iyul 2020 4071

Navoiy viloyati markazidan ancha uzoqda joylashgan Tomdi tumani asosan chorvachilikka ixtisoslashgani hech kimga sir emas. Hududda yozning jaziramasi-yu qishning qahratonidan chorvani betalofat olib chiqadigan, qo‘ychilik sir-asrorini yaxshi biladigan ko‘p yillik tajribaga ega cho‘ponlar talaygina. Bugungi kunda tumandagi mavjud ikkita, “Talas quduq” hamda “Tomdi mash’ali” naslchilik xo‘jaliklarida 800 dan ortiq mayda shoxli mollar boqilmoqda.

    “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limi xodimlari tomonidan xo‘jaliklarda O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 22 sentabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 748-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha uchrashuvlar, shuningdek, sohaga oid qonunchilikka amal qilinishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish - birkalash, tamg‘alash, jetonlash va chip o‘rnatish orqali hayvonlarga individual raqam berish, hayvonlar to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron axborot tizimiga kiritish va ularga veterinariya pasportini rasmiylashtirish hisoblanadi. “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ”Veterinariya pasporti - hayvonga berilgan identifikatsiya raqamiga muvofiq rasmiylashtirilgan, hayvon egasining ism-sharifi, yashash manzilini belgilovchi, ularning kasalliklarga qarshi profilaktikasi va emlash, davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etib boriladigan, hayvonning yashash davri davomida saqlanadigan hujjat hisoblanadi.

Bu tadbirning ahamiyati nasldor hayvonlarni zotini veterinariya pasporti orqali hayvonning identifikatsiya raqami, uning egasi, kasalliklarga qarshi emlanganligi va davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bilish mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hayvonlarni identifikatsiyalash ichki va tashqi bozorga chiqarilgan chorvachilik mahsulotlarini qaysi hayvondan olinganligi, u identifikatsiyalangani, hisobga olingani, sog‘lomligi, kasal bo‘lmaganligi, majburiy so‘yilmagani, undan olingan mahsulotlar iste’molga yaroqliligi va boshqa shunga o‘xshash savollarga javob olish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

- Hayvonlarni identifikatsiyadan o‘tkazish shart. Buni bajarmaslik hayvonlar zotini va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish hisoblanadi va tegishli javobgarlikka olib keladi,- deydi “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limining chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori Abulg‘ozi Userbaev.- Tuman hokimligi hamda veterinariya  va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimlari bilan birga joylarda bo‘lib, yirik va mayda shoxli mollarini identefikatsiyadan o‘tkazish, elektron bazaga kiritish bo‘yicha tushunchalar berib kelinmoqda. Natijada hududdagi ikkala naslchilik xo‘jaliklaridagi barcha naslli qo‘y-qo‘zilar to‘liq identifikatsiyadan o‘tkazildi. Bundan tashqari, hayvonlarni naslini saqlab qolish va ularni asrash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muntazam davom etayotgan nazorat tadbirlarimizda sohaga oid qoidalarga amal qilish zarurligi alohida uqtirilmoqda. Chorvachilikka oid qonun va qarorlar mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda.

E’tiroflisi, naslli mayda shoxli mollarni ko‘paytirish maqsadida kuz oyida “Talas quduq” naslchilik xo‘jaligi rahbari Nurdulat Zaripov kredit mablag‘i hisobiga Qozog‘istondan 100 ga yaqin naslli qo‘y olib kelishni rejalashtirgan. Aytish kerakki, chorvachilikni rivojlantirish borasida tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar aholini nasldor hayvonlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

 

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

 

Text to speech