Ру Ўз O`z En

Urugʼlik paxta xom ashyosini tayyorlov korxonalariga qabul qilish tartibi qanday?

29 Sentyabr 2020 3156

Oʼzbekiston Respublikasining “Urugʼchilik toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qaroriga binoan "Oʼzagroinspektsiya"ga qishloq xoʼjalik ekinlari urugʼlari yetishtirilishi sohasida bir qator huquqlar va vakolatlar berilgan boʼlib, qishloq xoʼjaligi ekinlarining ekiladigan urugʼlarini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan nazorat olib boradi.

Qishloq xoʼjaligi vazirligi va "Oʼzagroinspektsiya" tomonidan tasdiqlangan “2020 yil mavsumida urugʼchilik fermer xoʼjaliklaridan sifatli urugʼlik paxta tayyorlash chora-tadbirlariga bagʼishlangan yigʼilish qoʼshma bayoni”ga koʼra kelgusi yil hosili uchun 178,4 ming tonna urugʼlik paxta jamgʼarilishi belgilangan boʼlib, urugʼliklarning sifatli qabul qilinishida tayyorlov korxonalariga bir qator masʼuliyatlar yuklanadi.

Jumladan, urugʼlik paxtani urugʼlik paxta aprobatsiyasi natijalariga asosan, Oz DSt: 642:2013 “Urugʼlik paxta. Texnikaviy shartlar” va Oz DSt 615:2008 “Paxta. Texnikaviy shartlar” davlat standarti talablari asosida qabul qilishni taʼminlash, urugʼliklarni sutkaning yorugʼ kunida kech soat 19:00 gacha qabul qilish, imkoni boricha urugʼlik toʼdalarini korxona oldi maskanlariga jamgʼarish lozim boʼladi.

Shuningdek, paxta tozalash korxonalari va maskanlari urugʼlik paxtani navlar va avlodlari boʼyicha alohida gʼaramlar, yopiq bostirmalar va qabul qiluvchi PL, XPP hamda uzatuvchi TLX-18, KLP-650 moslamalar, malakali paxta gʼaramlovchi ishchilar bilan toʼliq taʼminlashni tashkil qiladi.

Urugʼlik paxtani qabul qilib olishda qabul qiluvchi xodim 1-SX (paxta) shakl yuk xatidagi yozuvlarning toʼgʼriligini va ularning 2-shaklga rasmiylashtirilgan aprobatsiya dalolatnomasiga toʼgʼri kelish-kelmasligini tekshirib chiqadi. Yuk xati boʼlmasa yoki undagi yozuvlar aprobatsiya dalolatnomasiga toʼgʼri kelmasa, urugʼlik paxta aprobatsiyani oʼtkazgan agronom tomonidan uning sifati va xarakteristkasi aniqlanmaguncha qabul qilib olinmaydi.

Urugʼlik paxta pishib yetilganlik koeffitsienti (1,9 dan kam boʼlmagan holda) rangi va tashqi koʼrinishi boʼyicha Oz DSt 615:2008 1-nav 1- sinf paxta talablariga muvofiq kelishi shart.

Xoʼjalik tomonidan topshirish uchun keltirilgan urugʼlik paxtaning namligi va iflosligi Oz DSt 615:2008 davlat standarti talablarida belgilangan meʼyorlardan ortiq boʼlsa, quritish va tozalash uchun xoʼjalikka qaytariladi (super elita, elita va 1-avlodga mansub boʼlsa) yoki 2 va 3-avlodga mansub boʼlsa xoʼjalikning roziligi bilan texnik paxtaga qabul qilinishi mumkin.

Fermer xoʼjaliklari yoki urugʼlik paxta yetishtiruvchi boshqa subʼektlar tomonidan topshirilayotgan paxta super elita, elita va 1-avlodga mansub boʼlsa ularning namlik va iflosligi 1-nav, 1-sinf talablariga (namlik-8%, ifloslik- 3%) mos kelishi shart.

Urugʼlik paxtada tosh, gazlama qiyqimlari, koʼk koʼsak yoki uning chanoqlari, 4 sm2 gacha boʼlgan gʼoʼzaning koʼk barglari, koʼk oʼtlar hamda koʼkargan va moylangan paxta pallachasi koʼrinishidagi turli xil begona narsalar boʼlmasligi kerak.

Urugʼlik paxtani tayyorlashda xom terilgan va kasallikka uchragan paxtani qabul qilishga yoʼl qoʼyilmaydi.

Qabul maskanlarida urugʼlik paxta xom ashyosi yuqorida keltirilgan davlat standartlari talablariga amal qilingan holda qabul qilinsa, oʼylaymizki, kelgusi yil mavsumi uchun yuqori sifatli urugʼlik chigit tayyorlashga mustahkam zamin yaratiladi.

Urugʼlik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi.

Text to speech