Ру Ўз O`z En

Davlat xizmatlari

Tadbirkorlik subʼektlarining faoliyatini tekshirish haqida nimalarni bilish zarur?

Davlat nazoratining subʼektlari - davlat va xoʼjalik boshqaruv idoralari, hamda mulkchilik shakli va biror idoraga qarashliligidan qatʼiy nazar korxonalar va tashkilotlar (yuridik shaxslar) yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanayotgan fuqarolar (jismoniy shaxslar) hisoblanadilar (yaʼni kimlar davlat vakolatli idoralari tomonidan tekshirilishi mumkin).

Davlat nazoratining obʼektlari - davlat nazorati subʼektlari tomonidan oʼz vakolatlari doirasida xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning faoliyati tekshiriladigan masalalar hisoblanadilar (yaʼni tekshirish payti nimalar tekshiriladi).

Xoʼjalik yurituvchi subʼekt(tadbirkorlik subʼekti) - belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs.

Nazorat qiluvchi organlar - xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirliklar va idoralar.

Mansabdor shaxs - tashkiliy-boshqaruv yoki maʼmuriy-xoʼjalik vakolatlari berilgan va masʼul mansabdor shaxs alomatlariga ega boʼlmagan shaxs.

Masʼul mansabdor shaxs – hokimiyat vakillari; davlat korxonasi, muassasasi yoki tashkilotlarida saylash yoki tayinlash boʼyicha doimiy yoxud vaqtincha tashkiliy boshqaruv yoxud maʼmuriy-xoʼjalik vazifalarini bajarish bilan bogʼliq lavozimlarni egallab turgan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxslar; mulkchilikning boshqa shakllaridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari, davlat boshqaruvi yuzasidan belgilangan tartibda hokimiyat vakolati berilgan jamoatchilik vakillari.

Tekshirish - xoʼjalik yurituvchi subʼektlar tomonidan qonunlar hamda ular faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari qanday bajarilayotganligini nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bir marta nazorat qilishi.

Kompleks tekshirish - bir vaqtning oʼzida ikki va undan ortiq nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirish.

Moliya-xoʼjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) - soliq va valyuta toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini oʼrganish va taqqoslashdan iborat tekshiruv.

Rejadan tashqari tekshirish - nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hollarda amalga oshiriladigan yillik (choraklik) tekshirishlar rejasiga kiritilmagan tekshirish (shu jumladan, qisqa muddatli tekshirish).

Qisqa muddatli tekshirish - nazorat qiluvchi organlar tomonidan 1 ish kuni davomida oʼtkaziladigan va xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning moliya-xoʼjalik faoliyatini tekshirish bilan bogʼliq boʼlmagan tekshiruv (kechki va/yoki tungi vaqtlarda faoliyat koʼrsatuvchi (tekshirish kunining soat 18-00 dan ertasi kunning soat 6-00 gacha) xoʼjalik yurituvchi subʼektlarda qisqa muddatli tekshirishlar tekshirish boshlangan paytdan boshlab 8 soat davomida amalga oshiriladi).

Muqobil tekshirish - operatsiyalar birligi tufayli oʼzaro bogʼliq boʼlgan va turli xoʼjalik yurituvchi subʼektlardagi yoki bir xoʼjalik yurituvchi subʼektning turli boʼlinmalaridagi hujjatlarni taqqoslashdan iborat tekshiruv.

Soliq tekshiruvi - davlat soliq xizmati organlari tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladigan soliq toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirishdir.

Kameral nazorat – soliq toʼlovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek soliq toʼlovchining faoliyati toʼgʼrisida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni oʼrganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazoratdir.

Nazorat tartibida tekshirish - xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning ilgarigi tekshirishda koʼrsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etishi ustidan nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradigan tekshirish.

Tekshirishlarni roʼyxatga olish kitobi - nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʼtkaziladigan xoʼjalik yurituvchi subʼekt faoliyatini tekshirishlar toʼgʼrisidagi axborot kiritiladigan rasmiy hujjat hisoblanuvchi tekshirishlarni hisobga olish maxsus kitobi.

 

Tekshirishning asosiy tamoyillari:

Koʼplab tadbirkorlarimiz va hatto, huquqshunoslarimiz tekshirishga oid tamoyillarga rioya qilinishini faqatgina rasmiy holat deb bilib, ushbu tamoyillarning ahamiyatini haligacha yetarli baholashmagan. Rivojlangan davlatlar va koʼplab rivojlanayotgan davlatlarda, tekshirishga oid tamoyillarni qonun meʼyorining asosi deb hisoblab, qonundagi har bir meʼyorni ushbu tamoyillarga zid boʼlmagan holda sudlar tomonidan qoʼllab va talqin qilinib kelinadi.

Qonuniylik tamoyili

Demokratik jamiyatning tarkibiy qoidasi hisoblanadi va xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyatini tekshirish Oʼzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari asosida amalga oshirilishi lozimligi demakdir, yaʼni tekshirish jarayoni aniq qonunchilikda oʼrnatilgan tartib boʼyicha amalga oshirilishi talab etiladi.

Xolislik tamoyili

Tekshirish oʼtkazayotgan davlat nazorati organi vakilining tekshirish (mazmuniga) yoki tekshirilayotgan xoʼjalik subʼektiga nisbatanxolis, begʼaraz munosabatda boʼlishi lozimligi. Demak, bu tamoyilga asosan tekshirishga nisbatan toʼgʼridan-toʼgʼri yoki bilvosita manfaatdor boʼlgan shaxs tekshiruvga qoʼyilmasligi darkor.

Oshkoralik tamoyili

Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish masalalarini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi shart. Barchaning eʼtibori uchun rasmiy eʼlon qilinmagan meʼyoriyhuquqiy hujjatlar kuchga kiritilmagan hisoblanadi, hamda hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va tekshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, ulardagi koʼrsatmalar bajarilmaganligi uchun biron bir jazoni qoʼllashga asos boʼlib xizmat qilishi mumkin emas.

Tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaslik

Har bir davlat nazorati organiga tekshirishni amalga oshirayotganda qonunchilik meʼyorlari va tekshirish uchun asos boʼlgan hujjatlar bilan vakolat berilgan masalalarnigina tekshirishga ruxsat beriladi. Tekshirishga oid boʼlmagan hujjatlarni tadbirkorlik subʼektidan soʼrashga ruxsat berilmaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech