Ру Ўз O`z En

Joriy yilda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar bajarilishi «O‘zagroinspeksiya» nazoratida

16 Avgust 2023 1649

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga, xususan, chorvachilik tarmog‘iga Respublika Hukumati tomonidan juda katta eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Buning natijasi o‘laroq mamlakatimizda 2023-yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qoramollar bosh soni 102,1 % (shundan, sigirlar 102,0 %), qo‘y va echkilar 102,4 %, parrandalar 108,1 % va otlar 103,0 % o‘sishga erishildi.

Bundan tashqari, joriy yilda chorvachilik yo‘nalishidagi asosiy ustuvor vazifalar va ishlab chiqilgan dasturlarga muvofiq chorvachilik va uning tarmoqlarini yana-da rivojlantirish uchun qiymati 10 trln. so‘mlikdan ortiq jami 2 mingdan oshiq loyihalarni amalga oshirish va buning natijasida 26 ming nafardan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-martdagi “Ichki isteʼmol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 135-son qarorida «O‘zagroinspeksiya»ga yuklatilgan vazifadan kelib chiqib, chorvachilik yo‘nalishidagi asosiy ustuvor vazifalar va ishlab chiqilgan dasturlarning joylardagi ijrosi tizimli ravishda tashkil etilishi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, «O‘zagroinspeksiya» tomonidan sohaga doir qonun va qonunosti meʼyoriy - huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan bir qator monitoring - nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan yanvar-iyul oylarida 9 ming 147 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 8 ming 496 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi va ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan 281 ta holatda masʼul mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy taʼsir choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, 210 ta holatda qonunbuzilishi holatlari hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.

Shuningdek, 7 ming 937 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, jiddiy qonunbuzilish holatlari yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish uchun 34 ta materiallar, shundan, 25 tasi sud organlariga, 9 tasi prokuratura organlariga yuborilishi taʼminlandi.

 

Text to speech