Ру Ўз O`z En

Surxondaryo viloyatida urug‘lik uchun ekilgan paxta maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar o‘tkazildi

15 Avgust 2023 1667

2023-yil 9-avgust kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani “Amu-Zang jilolari” hududidagi “Yangi Hayot” urug‘chilik fermer xo‘jaligining urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi.

 

Seminarga viloyat hokimining o‘rinbosari F.Ismoilov, viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari boshlig‘i va o‘rinbosari, O‘simliklar karantini va himoyasi  viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari boshlig‘i, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM hududiy boshqarmasi boshlig‘i, «O‘zagroinspeksiya»ning Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i va o‘rinbosari, agroinspeksiyaning tuman bo‘limi boshliqlari va urug‘chilik yo‘nalishi bo‘yicha inspektorlari, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” DM viloyat rahbarlari va ularning tumanlardagi vakillari, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti direktori, Elita urug‘chilik xo‘jaliklari  boshliqlari va urug‘chilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari, paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari hamda viloyat va tumanlardan aprobatsiya o‘tkazish uchun tuzilgan komissiya aʼzolari ishtirok etishdi.

Surxondaryo viloyatida 2023-yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun tender tanlovida o‘tgan 203 nafar subyektlarning 7500 gektar maydonida urug‘lik paxta yetishtirish uchun g‘o‘zaning yuqori avlodli navlari ekib parvarishlanib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar ushbu maydonlarda mutaxassislar tomonidan ikki marta monitoring o‘tkazilib, 359 gektar maydon rivojdan orqada qolganligi, kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganligi, meʼyoridan ortiq nav ekilganligi va boshqa sabablarga ko‘ra urug‘lik olish uchun yaroqsiz deb topildi.

 Endigi vazifa urug‘lik paxta olinadigan maydonlarda aprobatsiya ko‘rigini normativ-huquqiy hujjatlar asosida o‘tkazib, kelgusi yil hosili uchun urug‘lik paxta olinadigan maydonlarni oqilona tanlab olishdir.

 O‘quv seminarida 2023-yil paxta hosilidan viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos, tezpishar, serhosil, kasallik  va zararkunandalarga chidamli navlaridan tanlab olish bo‘yicha barcha qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlarga, asosan viloyat va tumanlarda urug‘lik olinadigan maydonlarda g‘o‘za aprobatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan komissiya aʼzolariga tegishli vazifalar yuklatildi.

Aprobatsiya ko‘rigini nazorat qilib borish uchun agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlariga ham bir qancha vazifalar belgilab olindi, jumladan:

2024-yil hosili uchun yuqori sifatli urug‘lik paxta xom-ashyosini jamg‘arish maqsadida inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan:

- aprobatsiya tadbirlarining urug‘lik paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlarda tanlovlardan o‘tgan va tanlov komissiyasi tomonidan urug‘lik paxta yetishtirishga layoqatli deb topilgan maydonlarda o‘tkazilishini;

- aprobatsiya ko‘rigi davomida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 641-sonli qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan “Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida” Nizom talablariga rioya qilinishini;

- ushbu qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Original, elita va keyingi avlodlarga mansub urug‘lik paxta xom-ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” Nizomning 21 va 22- bandlari talablariga rioya qilmagan urug‘chilik subyektlarining g‘o‘za maydonlarini urug‘lik yetishtirishdan to‘liq yoki qisman chiqarilishini;

- nav tozaligi O‘z DSt-642 talablariga javob bermaydigan, ikki yoki undan ortiq seleksion nav ekilgan urug‘lik g‘o‘za maydonlari aprobatsiya davrida urug‘lik tayyorlashga yaroqsiz deb topilishi va urug‘lik tayyorlashdan chiqarilishini;

- yangi va istiqbolli g‘o‘za navlarining qo‘shimcha aprobatsiya qilinadigan maydonlari uchraganda Qishloq xo‘jaligi vazirligining tegishli ruxsati bilan aprobatsiyadan o‘tkazilishi;

- aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilgan maydonlarda aprobatsiya natijalari bo‘yicha belgilangan shakldagi dalolatnomalar va dala jurnallarini to‘g‘ri to‘ldirilishini nazorat qilib borish vazifalari belgilab olindi.

 

 

Text to speech