Ру Ўз O`z En

2021 yil uchun kuzgi boshoqli don ekinlari zamonaviy seyalkalar yordamida ekilmoqda

24 Sentyabr 2020 2784

Kuz - dehqonlarimiz uchun yana bir sinov davri sanaladi. Аynan shu faslda kelgusi yil gʼalla hosili uchun puxta zamin hozirlanadi. 2021 yil boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishni koʼngillariga tukkan samarqandlik azmu-shijoatli bobodehqonlar, ayni kunlarda boshoqli don ekinlari uchun yerlarni tayyorlash, sifatli urugʼ ekish ishlarini uyushqoqlik bilan ado etishmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 546-sonli qarori ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan ham yuqoridagi qaror ijrosini oʼz vaqtida taʼminlash maqsadida amaliy tadbirlar olib borilmoqda.

Shu maqsadda, tumanlarda klaster korxonalari, fermer xoʼjaliklari rahbarlari va hamkor tashkilotlar ishtirokida amaliy-koʼrgazmali seminarlar oʼtkazildi. Unda, kuzgi boshoqli don ekinlarini hududlar iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda joylashtirish, gʼallani ekish jarayonida zamonaviy seyalkalardan foydalanning ahamiyatlari xususida maʼlumotlar berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 546-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Samarqand viloyat hokimining 2020 yil 20 sentyabrda 141-Q-sonli qarori qabul qilingan. 2021 yil hosili uchun viloyatda 138 ming 830 gektar yerga bugʼdoyning “Grom”, ”Аleseich”, ”Krasnodar-99”, ”Pervina”, ”Bezostaya-100”, ”Аsr”, ”Davr”, ”Yaksart” singari serhosil sifat koʼrsatkichlari yuqori boʼlgan navlari joylashtirilishi rejalashtirilgan.

- Mavjud 94 ming 230 gektar suvli hamda 44 ming 600 gektar lalmi yerlarga ekiladigan boshoqli don ekinlarini oʼz vaqtida va sifatli ekishni taʼminlash maqsadida inspektsiya organlari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazildi. 2021 yil hosili uchun viloyatdagi 109 ta selyakalar toʼliq mavsumga shay holga keltirildi. Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, joriy yilda 67 ta zamonaviy selyakalar bilan boshoqli don ekinlari ekilmoqda,-deydi Аgroinspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi boʼlim katta inspektori Sanjar Qurbonov.

Xususan, 2021 yil hosili uchun Kattaqoʼrgʼon tumanidagi 218 fermer xoʼjaliklari tomonidan 8 ming 926 gektar yer maydoniga boshoqli don ekinlari 18 ta zamonaviy, yuqori unumli seyalkalar bilan ekilmoqda.

Zamonaviy seyalkalar bilan ekilganda har gektar yerga 160-180 kilogramm urugʼ sarflanadi. Oddiy seyalkalar bilan ekilganda gektariga 50 kilogramm koʼp urugʼ sarflanishi inobatga olinsa, urugʼni iqtisod qilishi evaziga xarajatlar kamayadi.

Shuningdek, zamonaviy seyalkalar bir vaqtning oʼzida joʼyak olish, oʼgʼitlash va ekish singari vazifalarni bajaradi. Bunday usulda urugʼ yerga bir xil chuqurlikda tushadi va bir tekis unib chiqadi.

Joriy yilda Samarqand viloyatida urugʼni barvaqt sepish va agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida va sifatli bajarish evaziga hosildorlikni gektar boshiga 10-15 sentnerga koʼtarish moʼljallanmoqda.

 

Аgroinspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech