Ру Ўз O`z En

99 tonna urug‘lik kartoshka fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi

7 Iyul 2020 2233

Navoiy viloyati, Nurota tumanida joriy yilda 200 gektar maydonlarga takroriy ekinlar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 60 gektar kartoshka, 40 gektar poliz hamda 80 gektar moyli ekinlarni tashkil etadi.

Ayni vaqtda,  tumanda takroriy kartoshka ekish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlari hududlarda bo‘lishib, takroriy ekinlarning o‘z vaqtida ekilishi yuzasidan nazorat tadbirlarini olib borishmoqda. Fermerlar inspektorlar tomonidan  urug‘lik kartoshkalarning muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan sifatsizlarini harid qilmaslik bo‘yicha ogohlantirilmoqda.

Bugungi kunda tumandagi 39 ta fermer xo‘jaliklarining 60 gektar maydonida takroriy ekin sifatida kartoshkalar ekilib, agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.

 Qolaversa, Tuman inspektorlari tomonidan “Nurota tomorqa eksport” MChJ ning 50 tonna, “Toshnazar bobo” fermer xo‘jaligining 49 tonna urug‘lik kartoshkalari fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilishi ta’minlandi.

Inspeksiya viloyat boshqarmasining qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi inspektori Farrux Hamroevning ta’kidlashicha, ekish uchun urug‘likni tuganaklar shakli, rangi va o‘simtalarining yo‘g‘onligiga qarab, e’tibor bilan tanlash mo‘l hosil garovi hisoblanadi. Vazni 30-80 grammlik tuganaklar butun, undan yiriklari esa kesib ekiladi.

Albatta, mo‘l hosilga osonlik bilan erishilmaydi. Fermerlarning ta’kidlashicha, birinchi chopiqdan so‘ng kartoshka ekilgan maydonning har gektariga 200 kilogrammdan o‘g‘it va “Sharbat suvi” berilgach yana ikki marta chopiq ishlari olib boriladi.

Hududlaridagi 43 ta fermer xo‘jaligining 39 tasida kartoshka ekilishi to‘liq bajarildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Nurota tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ahror Mamatov. – Boshqa ekinlar ekilishi bo‘yicha ham joylarga chiqib, tushuntirish tadbirlarini olib boryapmiz. Bundan tashqari, fermerlarga yoqilg‘i-moylash materillari, o‘g‘it va boshqalarning yetkazilib berilishida muammo bo‘lmasligi inspeksiya tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Takroriy ekin-ertangi farovonlik va xotirjamlikdir. Shu bois inspeksiya xodimlari tomonidan ekilgan ekinlarning agrotexnikasi o‘z vaqtida o‘tkazilishi, o‘simliklarning o‘sib-unishi, rivojlanishi muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Bularning barchasi xalqimiz turmush darajasini yanada yaxshilash, to‘kinlikni ta’minlashdek ezgu niyatni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.

 

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

                                                       

 

 

Text to speech