Ру Ўз O`z En

Bu mavsumda Uchqo‘rg‘onda 29 ta zamonaviy mashinada paxta teriladi

25 Avgust 2022 967

Sanoqli kunlardan so‘ng paxta mavsumi boshlanib, dalalarda yetishtirilgan oq oltindan xirmon ko‘tariladi. Eng muhimi yil bo‘yi qilingan mehnatning hosilini yog‘in-sochin kunlarga qolmay terib olishdir. Ammo hosilni nes-nobud qilmay, o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish uchun birgina fermer xo‘jaligi aʼzolarining vaqti ham, imkoni ham yetmaydi. Shu bois o‘tgan yillar davomida yig‘im-terim ishlariga hasharchilarni jalb qilish, ularga ortiqcha xarajat qilinishiga, asosiy ishlarining chala qolishiga sabab bo‘lardi. Keyingi yillarda esa zamonaviy paxta terish mashinalarining xarid qilinishi ana shu ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

2021 yili Uchqo‘rg‘on tumanidagi klaster va fermer xo‘jaliklari ixtiyorida 4 ta paxta terish mashinalari bor edi, bu yil “Textil finans Namangan” xorijiy korxonasining Uchqo‘rg‘on klaster korxonasi tomonidan umumiy qiymati 138 milliard so‘mlikdan ortiq, AQSHda ishlab chiqarilgan 25 ta zamonaviy paxta terish mashinasi hamda mamlakatimizda tayyorlangan 50 ta traktor tirkamasi xarid qilindi.

- Klaster korxonamizga tegishli bo‘lgan 27 ta paxta terish mashinasining har biri kuniga o‘rtacha 10 gektar maydondagi hosilni yig‘ishtirib olsa kuniga 270 gektar yerdagi paxtani terish imkoniyatiga ega. Mavsum davomida esa 221 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 5 ming 305 gektar maydondagi paxtani mashina yordamida terishni rejalashtirdik. Buning uchun kuch va imkoniyatlarimiz yetarli,-deydi biz bilan suhbatda klaster korxonasining transport bo‘limi boshlig‘i Komiljon Tojiqulov. –Ayni vaqtda paxta terish mashinalarini boshqaruvchi xodimlar malakasini oshirmoqdamiz.

- “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan olib kelingan paxta terish mashinalari va tirkamalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, tegishli davlat raqamlari hamda texnik pasportlari o‘z vaqtida berildi,-deydi inspeksiya tuman bo‘limining katta inspektori Muzaffar O‘rmonov.- Shu bilan birga tuman bo‘yicha har bir hududda g‘o‘za defoliatsiyasi va paxta yig‘im-terimida qatnashadigan texnikalarni mavsumga tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mashina terimining afzalligi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ko‘rsatkichlar, natijalarda ham o‘zini namoyon etadi. 200 tonna paxta yetishtirgan fermer xo‘jaligida 134 nafar yordamchiga ehtiyoj qolmaydi. Ularning ishini 2 ta mashinaning 2 nafar mexanik-haydovchisi bajaradi. Hamma o‘zining yumushi bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi, bitta fermer xo‘jaligidagi paxta yig‘im-terim mavsumi 25–30 kunda emas, 7–10 kunda yakunlanadi. Hosil tez yig‘ib-terib olinadi, kuzgi shudgor maqbul muddatlarda sifatli bajariladi. G‘alla va oraliq ekinlarni erta muddatlarda ekib, qiyg‘os ko‘kartirib olishga erishiladi.

I. Musayev, “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi bosh inspektori

Text to speech