Ру Ўз O`z En

Urug‘lik chigit tayyorlash bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi

12 Fevral 2024 766

Paxta ekinidan mo‘l hosil olishda, avvalo, yerga qadaladigan urug‘lik chigitining sifati muhim ahamiyatga ega. Shu bois, urug‘lik chigitni tozalash, saralash, tuksizlantirish va qishloq xo‘jalik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi dorilash ishlariga katta eʼtibor beriladi.

Shu maqsadda Koson tumanida joylashgan “Bunyodkor” MCHJ klasterida 2024-yil paxta hosili uchun sifatli urug‘lik chigit tayyorlash bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Unda sohaga aloqador tashkilot rahbarlari va qishloq xo‘jaligi xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda g‘o‘zani kasallik, hasharot va zararkunandalardan himoya qilishda urug‘lik chigitni dorilashning ahamiyati va urug‘lik chigitni tayyorlashda laboratoriya tahlillarining o‘z vaqtida o‘tkazilishi hamda chigitni sertifikatlash, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish hamda tindirilgan urug‘larni tumanlar kesimida taqsimot rejasi bo‘yicha tarqatish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratish bo‘yicha kelishib olindi.

Maʼlumot o‘rnida, Qashqadaryo viloyatda 133 ming 50 gektar maydonga chigit ekish belgilangan bo‘lib, buning uchun 5 ming 873  tonna urug‘lik chigit sarflanishi rejalashtirilgan. Viloyatdagi 4 ta urug‘lik chigit tayyorlash sexida jami 4 ming 168 tonna urug‘lik chigit tayyorlangan bo‘lib, shundan 1 ming 67 tonnasi tuksiz urug‘lik chigitni tashkil qiladi.

Xususan, Koson tumanidagi urug‘lik sexida 851 tonna urug‘lik chigitning 594 tonnasi dorilab qadoqlandi.

Seminar yakunida ishlarni jadallashtirish bo‘yicha masʼullarga zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech