Ру Ўз O`z En

Buxoro viloyatida sho‘r yuvish tadbirlarining sifatli o‘tkazilishi nazoratda

16 Fevral 2023 2078

Olam va odam tirikligining asosiy manbalaridan biri suv. Shu bois har tomchisi qimmatli suvdan doimo tejab-tergab foydalanish zarurligi alohida taʼkidlab kelinadi.

Buxoro viloyatida sho‘r yuvilishi lozim bo‘lgan 300 ming 557 gektar maydon mavjud. Shundan 33 ming gektari Buxoro, 21 ming gektari Vobkent, 40 ming 480 gektari Jondor, 24 ming gektari Kogon, 32 ming gektari Qorako‘l, 26 ming 600 gektari Olot, 24 ming 254 gektari Peshku, 33 ming 381 gektari Romitan, 31 ming 376 gektari Shofirkon, 31 ming 338 gektari G‘ijduvon tumanlari va 3 ming 128 gektari Buxoro shahriga to‘g‘ri keladi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, respublikamizda sug‘oriladigan yerlarning 65-70 foizi tabiiy sho‘rlanishga moyil. Chunki bunday yerlarda minerallashgan sizot suvlarining yer yuzasiga yaqin joylashgani ularni doimiy bug‘lanishiga va tuzlarning yer yuzasida saqlanib qolishiga olib keladi. Shu sabab har yili sho‘rlangan yerlar tuzini yuvish muhim agromeliorativ tadbir hisoblanadi.  Sho‘r yuvishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jalik ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi uchun zararli bo‘lgan ortiqcha tuzlarni tuproqdan yuvish va sizot suvlarining minerallashishini kamaytirishdan iborat.

Viloyat bo‘yicha 5 ming 506 gektar yer maydoni kuchli sho‘rlangan bo‘lsa, 56 ming 560 gektari o‘rta, 172 ming 443 gektari kuchsiz sho‘rlangan maydonlar sirasiga kiradi.

Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Sug‘diyona” fermer xo‘jaligida 2023 yil hosili uchun chigit ekiladigan maydonlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va belgilangan agromeliorativ tadbirlarni sifatli o‘tkazilishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda bu haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Bugungi kunda viloyat chegarasida bir kunda 150-180 m3/sekund suv olinib, sug‘orish ishlariga yo‘naltirilmoqda.

 “O‘zagroinspeksiyaning Buxoro viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan viloyatda “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan suvni o‘z vaqtida va limit doirasida suv isteʼmolchilariga yetkazilishi va suv isteʼmolchilari tomonidan ushbu suvdan oqilona foydalanishini taʼminlash bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rib kelinmoqda.

 S. Jurayev, "O‘zagroinspeksiya" Buxoro viloyati boshqarmasi bosh inspektori.

 

Text to speech