Ру Ўз O`z En

Davlat fuqarolik xizmatchilarining yagona qoidalari belgilandi

19 Avgust 2022 1445

2022 yilning 8 avgust kuni «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda davlat xizmatchilarining maqomi, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek ish bilan taʼminlash tamoyillari va ushbu sohadagi korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish mexanizmlari belgilangan.

Qonunga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib belgilangan bo‘lib, unga boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan.

Shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri Agentlikning mutasaddi xodimlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Markaziy apparatida ham tashkil etildi.

Taʼkidlanganidek,  mazkur Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha davlat idoralari va tashkilotlarida xodimlarni ishga qabul qilish, ularning faoliyati samaradorligini baholash, xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.

Mazkur Qonunning imzolanishi davlat xizmatida faoliyat yurituvchi har bir xodim uchun uzoq kutilgan hodisa bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz uchun esa ushbu Qonun bilan davlat xizmatini ko‘rsatish yana-da yaxshilanishidan umidi katta.  Qonun bilan Davlat xizmatchilari xizmat pog‘onalarida adolatli o‘sish, erkin faoliyat yuritish kabi huquqlarga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgani juda quvonarli. Qolaversa, ish vaqti va mehnatga haq to‘lash shakllarining tartibga solingani har qanday davlat idorasida ishlayotgan xodim uchun ayni muddao bo‘ldi- deydi "O‘zagroinspeksiya" Boshqarma boshlig‘i K. Axmedov.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr va mulohazalar bildirib o‘tildi.

X.Shadiyeva, "O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati rahbari

 

Text to speech