Ру Ўз O`z En

Hosil taqdiri hal bo‘ladigan palla

7 Iyul 2022 1280

Joriy yilning 29 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali o‘tkazish muhokama etildi.

Suv resurslari cheklangan mintaqamiz tuproq-iqlim sharoitida dehqonchilik taqdiri tabiat bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, bu yil bahorning salqin hamda quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Chunki g‘o‘za rivojlanishi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ancha orqada qolmoqda. Bu esa ekin parvarishiga jiddiy eʼtibor qaratib, barcha agrotexnika tadbirlarini jadallashtirishni taqozo etadi.

2022 yil hosili uchun Chust tumanida 4000 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, ayni kunlarda g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, chilpish kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usulga alohida eʼtibor qaratilyapti

-Fermer xo‘jaligimizdagi 22,5 gektar maydonga ekkan g‘o‘zalarimizni ayni kunlarda kultivatsiya qilish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga, turli zararkunandalarga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratganmiz,-deydi biz bilan suhbatda “Nargizabonu Rasulova” fermer xo‘jaligi rahbari Nosirjon Rasulov. –Bugungi masʼuliyatli pallada mexanizatorlar dehqonning yonida turishi, tuproq yetilishi bilan qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritishi joiz. Ana shunda o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, g‘o‘za o‘suv davrida o‘g‘itlansa, ozuqa moddalari bilan yetarli darajada taʼminlanib, unga mador bag‘ishlaydi. Mineral o‘g‘itlarni g‘o‘za yaxshi o‘zlashtirishi uchun oziq moddalar ildiz o‘sish qatlamiga yaqin solinishi zarur. Mazkur agrotadbirni rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘zalarda qo‘llash chog‘ida organik hamda mineral o‘g‘itlar aralashmalaridan foydalanilsa, yana-da yaxshi samara berib, uning rivojini tezlashtiradi.

-Hozirda tumanda 1477 gektarda 1-2 ta ko‘sak, 1522 gektarda 3-4 ta ko‘sak va 1005 gektar maydondagi g‘o‘zalar 5-6 tadan ko‘sak tugdi.

G‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarning belgilangan muddat hamda talablar asosida o‘tkazilishi inspeksiya mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda monitoring qilib borilyapti,- deydi “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zuhriddin Zokirov.- Ushbu agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, belgilangan talablarni bajarmaganlik holatlari aniqlanganda ularni joyida bartaraf etishga ko‘maklashilmoqda. Shu bilan birga masʼullarga nisbatan tegishli tartibda ko‘rsatma va ogohlantirishlar berilyapti

I. Musayev, “O‘zagroinspeksiyaning Namangan viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi bosh inspektori

Text to speech