Ру Ўз O`z En

Inspeksiya tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari takomillashtirilmoqda

27 Dekabr 2022 897

Mamlakatimizda jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni ko‘rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o‘rtacha ikki barobarga qisqartirildi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishni taʼminlash maqsadida turli toifadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish jarayonini uyg‘unlashtirish belgilandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash va navdorligini baholash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 712-sonli qarorining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtiruvchilarga bir qator qulayliklar yaratishni nazarda tutadi.

Mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash, urug‘lik paxta chigitini uslubiy tahlil qilish va tuproqda nav tozaligini baholash, donli ekinlar urug‘larini uslubiy tahlil qilish va tuproqda nav tozaligini baholash, urug‘lar, dukkakli, moyli ekinlar va boshqa don ekinlarini qayta ishlashni sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamentlari tasdiqlandi.

Endilikda, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash va navdorligini baholash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatadigan tashkilot va idoralarning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (YAIDXP) ulanishi taʼminlanadi va YAIDXP orqali davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishi kuzatib boriladi. Yaʼni, ariza beruvchining Davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborgan yoki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining sertifikatlashtirish organiga bergan murojaati yoki so‘rovnomasi asosida mahsulotlar “O‘zagroinspeksiya” tomonidan sertifikatlashtirib boriladi.

Bu borada mazkur qaror bilan tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berilgan bo‘lib, uch oylik muddatda ushbu tizimning to‘liq ishlashini taʼminlash belgilandi.

N.Ismailov - “O‘zagroinspeksiya”, Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

M.Kurbanbayev –“O‘zagroinspeksiya”, Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i.

Text to speech