Ру Ўз O`z En

NАSLChILIK QOIDАSINI BUZGАN ChORVАDORLАRGА MАЪMURIY SАNKTsIYa QOʼLLАNILDI

5 Avgust 2020 2862

Navoiy viloyatining markazdan ancha uzoqda joylashgan Uchquduq tumani maydoni aksariyati choʼl zonalaridan iborat. Shu sababdan bu yerdagi aholining asosiy daromad manbai chorvachilik hisobiga toʼgʼri keladi. Tumanda bugungi kunda 119 ta fermer xoʼjaligi chorvachilik faoliyati bilan shugʼullanayotgan boʼlib, ular tomonidan tirik vaznda yiliga 8-9 ming tonna goʼsht, 4,5 ming tonnagacha sut mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Viloyatda chorvachilik fermer xoʼjaliklari yer maydonlari choʼl yaylovlaridan tashkil topgan. Sugʼorish imkoni yoʼqligi sababli ozuqabop va urugʼlik ekinlar ekib, ozuqa gʼamlash hududga xos emas. Hududda 3 ta naslchilik xoʼjaliklari tashkil etilgan boʼlib, shundan 2 tasi qoramolchilik va 1 tasi qoʼychilik yoʼnalishida faoliyat koʼrsatmoqda. Ushbu naslchilik xoʼjaliklarida jami 190 bosh yirik (golshten va qizil choʼl zotli) shoxli va 805 bosh mayda shoxli (jaydari zotli) mollar boqilmoqda. Shuningdek, ularga tumanda sugʼoriladigan yerlar yoʼqligi sababli yaylov yerlaridan har bir shartli mol uchun 2 gektardan kam boʼlmagan (5-6 gektar)miqdorda yaylovlar ajratilgan.

Аmmo chorvalik, hususan naslli qoramollar va qoʼylar parvarishida hudud chorvadorlari tomonidan belgilangan qonun-qoidalarga amal qilmaslik holatlari ham uchrab turibdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Uchquduq tumani boʼlimi tomonidan hududda chorvachilik va chorvachilikda naslchilik xoʼjaliklari faoliyati boʼyicha monitoring tadbirlari oʼtkazilib, bu borada yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar aniqlandi.

-Tumanda qoramolchilik yoʼnalishida 5 ta, yilqichilikda 6 ta, tuyachilik sohasida 7 ta, qoʼychilik boʼyicha 98 ta, baliqchilikda 2 ta, parrandachilikda esa 1 ta xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyat yuritib kelmoqda,- deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi Uchquduq tuman boʼlimi katta inspektori Feruz Boynazarov. – Joriy yilning oʼtgan davri mobaynida boʼlimimiz tomonidan tuman hududida chorvachilik yoʼnalishida 40 ta nazorat tadbirlari oʼtkazildi. Natijada 3 ta taqdimnoma, 2 ta maʼmuriy sanktsiya, 6 ta amaliy koʼrsatma va 48 ta qonun buzilishiga yoʼl qoʼymaslik uchun yozma ogohnomalar kiritildi.

Jumladan, qoramolchilik yoʼnalishida naslchilik faoliyati bilan shugʼullanib kelayotgan “Uchquduq Nur Ziyo”, “Islomiddin Maxmudjon” va qoʼychilik sohasida naslchilik maqomiga ega “Baraka Servis Uchquduq” fermer xoʼjaliklari faoliyatini oʼrganish davomida ushbu fermer xoʼjaliklarida mavjud qoramollar va qoʼylarning naslini tasdiqlovchi hujjati yoʼqligi, naslchilik hisob-kitobi ham yuritilmaganligi, poda harakati toʼgʼri olib borilmaganligi, har xil zotga mansub mollar aralash holda koʼpaytirib kelinayotganligi aniqlandi.

Oʼzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʼgʼrisida”gi qonunning 1-moddasida hayvonlarninig nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini yaxshilash maqsadida naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror koʼpaytirish va ulardan oqilona foydalanilishiga rioya etilishi asosiy vazifalar etib belgilangan boʼlsada, yuqorida nomi keltirilgan fermer xoʼjaliklari tomonidan qonunning bu talablariga rioya etilmagan.

Bundan tashqari, “Naslchilik toʼgʼrisida”gi qonunning 11-moddasida naslchilik subʼektlari tomonidan naslli mahsulotning sifatini kafolatlash shartligi naslchilik subʼektlarining burchi ekanligi koʼrsatilgan. Tumandagi naslchilik xoʼjaliklari tomonidan qonunda qayd etilgan bu kabi vazifalarni bajarish ham eʼtibordan chetda qolgan.

“Naslchilik toʼgʼrisida”gi qonunning 1 va 11-moddasida koʼrsatilgan talablar bajarilmay kelinganligi hisobga olinib, naslchilik fermer xoʼjaliklariga nisbatan tuman maьmuriy sudi raisiga tegishli materiallar taqdim etildi. Maʼmuriy sud tomonidan ularga nisbatan bazaviy hisoblashning bir baravari miqdorda maʼmuriy sanktsiyalar qoʼllanilib, jarima undirilishi taʼminlandi.

 

“Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech