Ру Ўз O`z En

NAVOIY: TRANSPORT TRAKTORLARI VA TIRKAMALARNING MAVSUMIGA SHAYLIGI O‘RGANILMOQDA

25 Avgust 2022 975

Joriy yil Navoiy viloyatida fermer xo‘jaliklar tomonidan 31 655 gektar maydonga chigit ekilgan bo'lib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borilishi natijasida paxta ekilgan maydonlardan o‘rtacha 40-45 sentnerdan hosil olinishi kutilmoqda. Ayni kunlarda paxta yig‘im-terimi mavsumiga munosib hozirlik ko‘rish maqsadida terimda ishtirok etadigan texnikalarni texnik soz va ishchan holatga keltirish jarayonlari ishchi–guruh aʼzolari tomonidan o‘rganib borilmoqda. 

Xususan, joylarda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va viloyat prokuraturasi vakillari nazorati ostida mashina traktor parklariga yig‘ilgan transport texnikalari va tirkamalarning mavsumga shayligi ko‘zdan kechirilmoqda. 

Maʼlumot o‘rnida, viloyatda 2022 yil hosili paxta yig‘im-terim ishlarida qatnashadigan transport traktorlari 297 ta bo‘lib, shundan 276 tasi taʼmirlash maskanlariga yig‘ildi va bugungi kunda 93 foizi taʼmirlandi.

Shuningdek, mavsumda qatnashadigan 898 ta tirkamalarning 807 tasi taʼmirlash maskanlariga yig‘ilib, shundan 738 tasida taʼmirlash ishlari bajarildi. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha defoliatsiya tadbirlarida 130 ta OVX purkagichlari jalb etilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasini texnik sozligi to‘liq taʼminlandi. 

Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan transport traktorlari va tirkamalarga qo‘yiladigan talablar bajarilishi nazoratga olingan. Xususan, terim mavsumida qatnashadigan tirkamalar setkalari va silindr shlanglarining yangi holatda bo‘lishi, tirkamani traktorga ulash qismining texnik sozligi¸ yaroqsiz shinalarning yangisiga almashtirilganligi, tirkamalarning orqa tomonidagi nur qaytargich bilan jihozlangan bo‘lishi va bo‘yalgan bo‘lishi kerakligi yuzasidan viloyatdagi barcha fermer xo‘jaliklarga ogohlantirish xatlari berilishi taʼminlandi.

Ayni kunlarda mazkur talablarga rioya etilishi ustidan Agroinspeksiya xodimlari tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Belgilangan qoidalarga mos ravishda terimda ishtirok etadigan texnikalar taʼmirlash ishlari esa davom etmoqda.

Mazkur jarayon Karmana tumanida ham qizg‘in olib borilmoqda. Joriy yil tumanning 5 240 gektar maydoniga chigitning “Buxoro 102”, “Buxoro 6” va “Porloq ”  va boshqa navlaridan ekilgan edi.

- Tumanda mavsumga qatnashadigan 161 ta traktor tirkamasi va 78 ta transport traktorlari mavjud,- deydi “O‘zagroinspeksiyaKarmana tuman bo‘limi katta inspektori D. Ahatov. - Shuningdek, 24 ta OVX purkagich paxta defoliatsiyasi tadbirlarida qatnashishi belgilangan. Terim texnikalari tumandagi 5 ta taʼmirlash maskanlariga yig‘ilgan. Texnikalar taʼmirini sifatli va talab darajasida o‘tkazilishi bo‘yicha har bir fermerga ogohlantirish xatlari berildi.

- Fermer xo‘jaligimizning 45 gektariga chigit ekkanmiz, - deydi tumandagi “Amir G‘olib kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari G‘. Ergashev.-  Bitta transport traktorimiz va 2 ta tirkamamiz bor, ularni taʼmirlash ishlarini tugatdik. Tirkamamizga yangi setka, yangi shinalar qo‘yildi, Agroinspeksiya tuman bo‘limi xodimlarining tavsiya va ko‘rsatmalari asosida taʼmirladik. Hozirda tirkamalarimiz taʼmiri namunali deb topildi. Paxta terim mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishga ahd qilganmiz.

Tumanda joriy yilgi paxta terimiga tuman bo‘yicha 8 ta paxta terish mashinasi ham jalb etilgan. Viloyat bo‘yicha esa 10 dan ortiq paxta terish mashinalari  paxta terim-yig‘im ishlariga qatnashadi. Ushbu  terim mashinalari ham taʼmirlash maskanlariga yig‘ilib, texnik sozligi nazoratdan o‘tkazilmoqda.

 “O‘zagroinspeksiya” viloyat  boshqarmasi va viloyat prokuraturasi nazorati ostida  terimda ishtirok etadigan texnikalar texnik sozligi o‘rganilishi yaqinlashib kelayotgan paxta terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishda qo‘l kelishi bilan ahamiyatli bo‘layotir.

Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi  matbuot xizmati rahbari

 

Text to speech