Ру Ўз O`z En

Navoiy: meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya yo‘nalishida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda

21 Iyun 2022 1067

Mamlakat rahbarining joriy yil 28 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 262- sonli Qarorida fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadi ko‘zda tutilgan.

Qarorda belgilanganidek, don qabul qilish shoxobchalaridagi ishchi guruh tarkibida “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridan mutaxassis xodim biriktirildi. Donning sifatli saqlanishi va laboratoriya tahlillarining shaffofligi Agroinspeksiya xodimlari tomonidan nazorat qilib borildi. Bu borada Inspeksiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Don qabul qilish shoxobchalarida Agroinspeksiya xodimlari tomonidan profilaktik tadbirlar tashkil etilib, mavsumni betalafot o‘tkazish yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, tavsiyalar berilmoqda.

Shuningdek, Inspeksiya viloyat boshqarmasining sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan bosh korxona va unga qarashli "O‘rtacho‘l" don qabul qilish shoxobchasidagi laboratoriya xonalari, tahlillar o‘tkazishda kerak bo‘ladigan zarur o‘lchov vositalari hamda laboratoriya jihozlari bilan to‘liq taʼminlanganligi, avtomobil, vagon tarozilari va laboratoriya o‘lchov vositalarining metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilganligi hamda qiyoslov sertifikatlari mavjudligi o‘rganildi. Bo‘lim bosh inspektori U. Yusupov tomonidan qabul qilinayotgan donni sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashda foydalanadigan laboratoriya o‘lchov vositalarini o‘z vaqtida O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining viloyat filialiga metrologiya tekshiruviga taqdim qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

-  Prezidentimizning 262-sonli Qarori asosida Inspeksiya boshlig‘ining I-30-sonli va viloyat boshqarmasining 40-sonli buyrug‘i ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda bug‘doyning sifati, sinfi va miqdorini to‘g‘ri aniqlash bo‘yicha laboratoriya tahlillari shaffof o‘tkazilishini nazorat qilish Agroinspeksiya mutaxassis xodimlariga yuklatilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori U. Yusupov. – Shundan kelib chiqib, don qabul qilish shaxobchalarida laboratoriya jihozlarining to‘liq sozligi va qiyoslov sertifikatidan o‘tkazilganligi o‘rganib borilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli masʼullarga ogohlantirishlar berilmoqda. Bu kabi profilaktik tadbirlar “NavoiydonmahsulotlariAJ korxonasida ham bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Inspeksiya viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan Navbahor tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazida ham sohaga oid nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, bo‘lim boshliqlari o‘ziga yuklatilgan vazifalarga yuzaki yondashib kelayotgani maʼlum bo‘ldi. Natijada metrologiya qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Aniqlangan mazkur holat yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazi direktoriga taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, Konimex tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazida ham meʼyoriy hujjatlar ijrosi, sertifikatlash va metrologiya sohasiga oid qonunlar ijrosi yuzasidan ham tekshirishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech