Ру Ўз O`z En

Paxtachi tumanida o‘tgan 2022 yilda chorvachilik yo‘nalishida 21 ta yangi loyihalar ishga tushirildi

5 Yanvar 2023 1132

Paxtachi Samarqand viloyati markazidan olisda joylashgan tumanlardan biri bo‘lib, Tumanning hududiy joylashuvi, tabiiy iqlimi sharoiti paxta yetishtirish, chorvachilik uchun ancha qulay hisoblanadi. Shu bois, bu yerda barcha sharoitga ega, zamonaviy jihozlangan chorva komplekslari ko‘plab topiladi.

Ayni kunlarda tumanda 152 ta chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining 42 tasi qoramolchilik, 33 tasi qo‘ychilik, 38 tasi parrandachilik, 30 tasi baliqchilik va 9 tasi asalarichilik yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Mazkur fermer xo‘jaliklari tomonidan 641 ming boshdan ortiq chorva mollari parvarishlanmoqda. Chorva mollari uchun ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 2 ming 382 gektar, shundan 941 gektari suvli, 928 gektar lalmi yer maydonlari ajratilgan.

2022 yilda chorvachilik sohasini yana-da takomillashtirish uchun umumiy qiymati 15 mlrd 800 mln so‘mlikdan ortiq  21 ta loyihalar ishga tushirilib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shundan 5 tasi qoramolchilik yo‘nalishida, 6 tasi parrandachilik yo‘nalishida, 2 ta qo‘ychilik yo‘nalishi bo‘yicha, 5 tasi baliqchilik yo‘nalishida va asalarichilik yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta yangi loyiha ishga tushirildi.

Chorvachilikda naslchilik ishini yana-da takomillashtirish maqsadida 2023 yilda umumiy qiymati 35 mlrd so‘mlikdan ziyod 4 ta yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shundan qoramolchilik yo‘nalishida 1 ta,  parrandachilik yo‘nalishida 2 ta,  baliqchilik yo‘nalishida 1 ta loyiha ishga tushirilishi belgilandi.

Ushbu loyihalar Paxtachi tumanida intensiv chorvachilikni rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Yevropaning 1 bosh zotdor sigiri bizning 3 ta mahalliy sigirimizga mahsuldorligi jihatidan to‘g‘ri keladi. Ular 35-40 litrgacha sut beradi.

Aholining chorva mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida o‘tgan 2022 yilda 15 ming tonna go‘sht, 60 ming tonna sut, 34 mln donadan ortiq tuxum mahsulotlari yetishtirilib, aholi isteʼmoli uchun yetkazib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 252-sonli qarori bilan chet davlatlaridan olib kelingan naslli mahsulotni (material) tegishli tartibda karantinga qo‘yish hamda karantin muddati tugaganidan so‘ng, hududiy “Chorvanasl” markazi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinishini nazorat qilish inspeksiya zimmasiga yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 280-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, "O‘zagroinspeksiya"ning Paxtachi tuman  bo‘limi tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu qaror ijrosi bo‘yicha profilaktik tadbirlar va monitoringlar o‘tkazilib kelinmoqda.

-Shu maqsadda o‘tgan 2022 yilda inspeksiyaning Paxtachi tuman bo‘limi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish sho‘basi katta inspektori X.Rajabova tomonidan 2022 yilda jami 121 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 35 ta huquqbuzarliklar aniqlangan.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan tuman hokimligiga jami 3 ta taqdimnoma kiritildi, 68 ta huquqiy taʼsir choralar qo‘llanildi, va 15 ta holat yuzasidan tegishli tashkilotlarga ogohlantirish xatlari berildi..

Jumladan, tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining “Sanchqul”, “Hayrabot”, “Baloigumbaz” sunʼiy urug‘lantirish maskanlarida huquqbuzarliklar aniqlanib, O‘zMJtkning 213 moddaning 1-qismiga asosan jarima qo‘llanildi.

Chorvachilik yo‘nalishidagi “Nasldor zotli mollar”, “Dilmurod chorva”, “O‘tkir chorva invest”, “Choshtepa Shukur chorva” fermer xo‘jaliklari rahbarlari qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan ogohlantirildi, - deydi Inspeksiyaning Paxtachi tuman bo‘limi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish shoʻbasi katta inspektori X. Rajabova.

Paxtachida sohada yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda chorvaning sonini oshirish, mahsuldorlik sifatini yaxshilash, naslchilik resurslarini yaratish va saqlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad nafaqat tuman aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, balki chorvachilik mahsulotlari eksportini yana-da oshirishdir.

A. Xudoyorov, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori

 

Text to speech