Ру Ўз O`z En

PILLACHILIK: NAVOIYDA TUTZORLARNI YANADA KENGAYTIRISH INSPEKTORLAR NAZORATIDA 

6 May 2021 1886

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Respublikada tutzorlarni kengaytirish, tutchilikda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash hamda agrotexnika tadbirlarini samarali o‘tkazilishini rag‘batlantirish, innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish orqali pillachilik tarmog‘i ozuqa bazasini ko‘paytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, pillachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da chuqurlashtirish chora-tadbirlari belgilab berilgan.

 Yuqoridagi qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda 2021 yilda bahor va yoz oylarida 4 mavsumda 17 007 quti tut ipak qurti parvarishlanib, 952 tonna pilla xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda pillani qayta ishlash korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida 798 ta kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlari to‘liq yakunlangan. Shuningdek, tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar bilan 1670 ta kasanachilik shartnomalari tuzilgan.

Darhaqiqat, pillachilik qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega. Sohani rivojlantirish, sifatli ipak tolasi ishlab chiqarish va uni chetga eksport qilish yaratilgan sharoitlar bilan bog‘liq. Xususan, viloyatda pilla ozuqa bazasi uchun mavjud tutzorlarni yana-da kengaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tut ipak qurtlarini parvarishlash va ozuqa bazasini ko‘paytirish maqsadida, mavjud tutzorlarni xatolariga 1 million 162 ming dona tut ko‘chatlari ekilib, tutzorlardan mo‘l hosil olish maqsadida yerlarga agrotexnik ishlov berish, yaʼni tutzorlarda payhon oldini olish, sug‘orish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar berish, begona o‘tlardan tozalash, tutzorga keladigan suv yo‘llarini qazish ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi tadbirlarni sifatli bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazorat ostiga olingan.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerak, viloyatda joriy yil davomida 217 gektar yangi tutzorlar barpo qilish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 99 gektar yer maydonlarda yangi tutzorlar yaratildi.

Viloyatda 4 ta pillani qayta ishlash obyektlari, jumladan, Xatirchi tumanidagi “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasi, Qiziltepa tumanidagi “Qiziltepa pillachiligi”, Navbahordagi “Al-Aziz ipagi” hamda Nurota tumanidagi “Navoiy Silk Produksion” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritib kelmoqda.

-  Sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim qonunbuzilish holatlari ham kuzatilmoqda-deydi O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ziyodulla To‘xtayev.- Mazkur qonunbuzilishlarni tahlil qilarkanmiz, aksariyatida tutzorlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish va tut o‘rniga boshqa mevali daraxtlarni ekish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganiga guvoh bo‘lamiz. Buning oldini olish maqsadida qonunni buzganlarga nisbatan vakolatimiz doirasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Qiziltepa tumani Oq-oltin hududidagi 49-konturda joylashgan 1,75 gektar tutzor “Qiziltepa mang‘iti” fermer xo‘jaligi tomonidan, 836q-konturda joylashgan 0,65 gektar tutzor “Barot Sattor”, Zarmetan hududi 370-konturdagi 1,2 gektar tutzor “Axmatbobo”, Vang‘ozi hududi 256-konturdagi 2,47 gektar tutzor “Tesha Saidov”, 249-konturdagi 0,50 gektar tutzor “Yakkatut dur gavhari”,  79-konturdagi 0,30 gektar tutzor “Hafkoryon madadkori” fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta, g‘alla ekilgan maydonga aylantirilgani aniqlandi. Shuningdek, “Gulshan Durdona” fermer xo‘jaligi tomonidan 0,40 gektar tutzor yo‘q qilinib, ular o‘rniga mevali daraxtlar ekilgani maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, Navbahor tumani Keskanterak hududidagi 1,30 gektar tutzorning 0,3 gektar maydoni fuqaro H.o tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallanib, tut daraxtlari yo‘q qilinib, fuqaro tomonidan o‘z manfaati yo‘lida tut daraxti o‘rniga tol daraxti ekib kelingan.

Yuqorida qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan Navbahor va Qiziltepa tuman hokimligiga taqdimnomalar kiritildi.

O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan chorvachilik sohasiga oid O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, hukumat qarorlari ijrosi, ipak qurti ozuqa bazasini yaratish, ajratilgan yer maydonlaridan maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

 

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech