Ру Ўз O`z En

Profilaktika tadbirlari natijasida o‘n mingdan ortiq holatda suv isrof bo‘lishining oldi olindi

14 Iyul 2022 1315

Qishloq xo‘jaligida suv tanqisligini oldini olish va suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan qabul qilingan Prezident hamda Hukumat qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga, shuningdek, suv olish limitlariga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, 2022 yil vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish maqsadlari uchun ajratilgan 28,2 mlrd m3 suv olish limitlari doirasida foydalanilishi nazoratga olindi.

Inspeksiya tomonidan suvdan oqilona va samarali foydalanish hamda suv isteʼmoli qoidalariga rioya etilishiga oid qonunbuzilishi holatlarini erta oldini olish maqsadida joylarda 12 430 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, unda 24 954 nafar fermer xo‘jaliklari va klaster tashkilotlari xodimlari ishtiroki taʼminlangan.

O‘tkazilgan profilaktika tadbirlarida aniq ko‘rsatmalar va amaliy choralar ko‘rib borilishi natijasida 10 mingdan ortiq holatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni isrof bo‘lishi oldi olingan bo‘lsa, 2423 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini anʼanaviy sug‘orishga yo‘l qo‘yilishi oldi olinishiga erishildi.

Bundan tashqari, Inspeksiya xodimlarining amaliy yordami bilan 835 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari o‘rtasidagi nizoli holatlar bartaraf etildi, 1107 ta holatda suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishda ko‘maklashildi, 142 ta joyda o‘quv seminarlari tashkil qilindi hamda 598 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar ko‘rsatildi. Buning natijasida esa, suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sug‘orish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanish taʼminlanmoqda.

Bugungi kunda, “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan joylarda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.

"O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech