Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi texnikasini nosoz holatda boshqarganlik maʼmuriy javobgarlikka sabab bo‘ldi

28 Dekabr 2022 830

“O‘zagroinspeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va  hukumatning 2019 yil 17 apreldagi 325-sonli qarorlarida yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xo‘jaligi va yo‘l qurilish texnikalaridan qay tarzda foydalanish talablari belgilib berilgan.Ushbu huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugungi kunda “O‘zagroinspeksiya”ning Baxmal tuman bo‘limi tomonidan tumandagi 1 ming 758 ta qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining elektron ro‘yxati shakllantirildi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan meʼyoriy hujjatlar talablari asosida foydalanish inspeksiya tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Bu borada tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfizligi bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda qo‘shma reydlar o‘tkazib kelinayotir.

Xususan, 2022 yilning avgust oyida tashkil etilgan reyd tadbirlarining birida tumanning “Mo‘g‘ol-Baxmal” yo‘nalishidagi yo‘lning chet qismida fuqaro M.S hamda “Bog‘ishamol-Tongotar” yo‘nalishidagi yo‘lning chetida fuqaro J.X larga tegishli traktorlar to‘xtatib tekshirilganda har ikkala texnikaning yoritish va burilish chiroqlari nosoz holatda ekanligi aniqlandi. Tabiiyki, texnikaning nosozligi harakat davomida turli ko‘ngilsiz xodisalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Inspeksiya xodimlari tomonidan MJtKning 112-moddasi talablarini buzganliklari sababli fuqarolarga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shu kabi qonunbuzilishlarning oldini olish, kelgusida bunday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish borasida tumanning mahalla markazlari hamda aholi punktlarida fuqarolarga tavsiya va tushunchalar berib kelinmoqda.

Umuman olganda, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish sohasi bo‘yicha jami 441 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, tadbirlar davomida 467 ta qonunubuzilishi holatlari aniqlangan. Holatlar yuzasidan 276 nafar texnika egalari rasman ogohlantirilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan 333 ta yozma ko‘rsatma berilishi taʼminlangan. MJtKning 112-moddasi talablarini buzganligi uchun 127 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 15 milliondan oshiq  jarima mablag‘lari undirilgan.

B.Shoybekov, “O‘zagroinspeksiya”ning Baxmal tuman bo‘limi katta inspektori                                 

Text to speech