Ру Ўз O`z En

Respublikada ertangi piyoz ekilishi avj pallada

16 Sentyabr 2022 1485

Mamlakatimiz aholisi isteʼmolida piyoz alohida o‘ringa ega bo‘lib, mazkur mahsulotga bo‘lgan ehtiyoj esa yil davomida mavjud. Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida joriy yilning avgust-setyabr oylarida Respublikamiz bo‘yicha jami 53 ming gektar maydonda piyoz ekilishi ko‘zda tutilgan. 

O‘zagroinspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi va uning hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlaridagi urug‘chilikni nazorat qilish inspektorlari tomonidan avgust-setyabr oylarida fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining maydonlarida ekilishi rejalashtirilayotgan piyoz ekinining sifatli urug‘liklar bilan o‘z muddatida taʼminlanishi nazorat qilib kelinmoqda.

Hududlarda joriy yilning 14 sentyabr holatiga 22 ming gektar maydonlarda ekish ishlari amalga oshirildi. Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida piyoz ekilishi rejalashtirilgan maydonlarning 50 foizida ekib bo‘lindi.

Erta bahorda yangi piyoz mahsulotini ichki bozorlarga yetkazib berishni birinchilardan bo‘lib, Surxondaryo viloyati dehqonlari boshlab beradi. Bugungi kunda mazkur viloyat dehqonlari ekilishi rejalashtirilgan 6 ming gektar maydondan 3 ming gektarida yoki rejaning 50 foizida ekish ishlarini amalga oshirishga erishdilar.

Ayniqsa, viloyatning Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida ushbu ishlar uyushqoqlik bilan tashkil etilgan.

Agroinspeksiyaning Surxondaryo viloyat boshqarmasi va uning tuman bo‘limlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga urug‘liklarni sertifikatlashtirish va yetishtirish agrotexnologiyasini o‘rgatish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berib kelinmoqda.

Misol uchun, Angor tumani Q.Tulakov hududidagi “Fayzullo Angor” fermer xo‘jaligining 9 gektar maydonida piyozning (Karskiy) “Qizil” hamda “Elektrik” navlaridan 0.30 gektar yer maydonlarda ko‘chatlar parvarish qilinmoqda, ushbu piyoz ko‘chatlari 5 gektar maydonga ekilishi rejalashtirilgan.

X.Maxmudov,  “O‘zagroinspeksiya" bo‘lim boshlig‘i

Z. Ismatov, bosh inspektor

 

Text to speech