Ру Ўз O`z En

Respublikamizda ekilgan gʼoʼza navlari, koʼchat qalinliklari va hosil shoxlariga bogʼliq holda gʼoʼzani chilpish (chekanka) boʼyicha tavsiyalar

29 Iyul 2020 3714

Gʼoʼza maydonlarida chilpish tadbirlarini oʼtkazishdan maqsad nima?

Gʼoʼzani oʼsuv nuqtasini chilpish (chekanka)yuqori hosildorlikka erishishda oʼta muhim agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi. Mazkur tadbir oʼz muddatida va sifatli amalga oshirilganda hosil elementlarini toʼkilishining oldi olinishi, toʼliq koʼsaklarning koʼproq shakllanishi va erta pishib yetilishi, paxta hosilining gektariga 3-4 sentnerga ortishi va tola sifatining yuqori boʼlishi respublikamizning turli sharoitlarida oʼtkazilgan ilmiy tadqiqotlar va ilgʼor paxtakorlarning amaliy tajribalarida isbotlangan.

Qolaversa, paykallarda oʼz vaqtida chilpish tadbirlarini oʼtkazilishi gʼoʼzaning gʼovlab ketishiga yoʼl qoʼymasdan, ozuqa moddalarni oʼsimlikning generativ organlariga oqib kelinishini jadallashtirishga yordam beradi.

Chilpish qanday amalga oshiriladi?

Gʼoʼzani chilpishda bosh poyaning va yon shoxlarning oʼsish nuqtalari chimdib olinib etaklarga solinadi va daladan tashqariga chiqarib koʼmib tashlanadi. Shunday qilinganda gʼoʼzaning zararkunanda hasharotlari ham kamayadi. Qoʼlda chilpish ikki marta oʼtkaziladi, bunda dastlab asosiy oʼsish nuqtasi chilpiladi, oradan 5-6 kun oʼtgandan keyin qolgan gʼoʼzalarning va yon shoxlarning oʼsuv nuqtalari chilpib olinadi.

Gʼoʼza navlarni koʼchat qalinliklari, hosil shoxlariga va tuproqning mexanik tarkibiga qarab chilpish bajariladi. Аgar nihollar rivoji har xil boʼlsa, chilpishni ikki marta bajarish lozim. Аvvaliga asosiy oʼsish nuqtasi qirqilsa, oradan 7-10 kun oʼtgach, oʼsib baravarlashgan boshqa tuplarning va yon shoxlarining uchlari chilpib tashlanadi.

 

 

 

 

Izoh:* ertapishar navlar, **oʼrtapishar navlar
80-90 ming/tup koʼchat qalinligi-mexanik tarkibi ogʼir tuproqlarda;
100-110 ming/tup- mexanik tarkibi oʼrta tuproqlarda; 120-130 va 140-160 ming/tup-mexanik

tarkibi yengil qumoq tuproqlarda hosil qilinadi.

 

Gʼoʼzalarni chilpish oʼz vaqtida oʼtkazilmasa..

Shuningdek, chilpish tadbiri chala va sifatsiz oʼtkazilgan maydonlarda qaytadan oʼtkazish shart. Bunda gʼoʼzaning yon shohlarini chilpishga alohida eʼtibor berish lozim. Chunki, bu tadbirni oʼtkazishdan asosiy maqsad, qator orasidagi havo aylanishining buzilishini va avgust oyining ikkinchi yarmida pastki yaruslarda joylashgan koʼsaklarning chirishini oldini oladi. Koʼp yillik maʼlumotlarga asosan, bu tadbir oʼz vaqtida va sifatli oʼtkazilmaganda 5-7 sentnerga hosil yoʼqotilishi aniqlangan.

Chilpishning qanday usullari bor va ular gʼoʼza rivojiga qanday taʼsir koʼrsatadi?

Аgar chilpish qoʼlda oʼtkazilsa faqat oʼsuv nuqtasini chilpib olishga erishishga alohida eʼtibor berish kerak. Аks holda chuqur oʼtkazilsa, oʼsimlikka birmuncha salbiy taʼsir etish bilan birga yuqori yarusdagi hosil tugunchalari va elementlarining ham yulinib ketishi kuzatiladi va bu holat paxta hosiliga ham taʼsir etishi mumkin. Chul xududlarda chilpish ishlarini mexanik usulda oʼtkazish keng tarqalgan. Biroq bunda baland va baravj oʼsgan gʼoʼza tuplaridagi hosil elementlari pichoq tigʼiga uchraydi, yon shoxlarini kuchli oʼsishi va qatorlarning birlashib ketishiga olib keladi. Bu esa paxta hosili va sifatiga salbiy taʼsiri koʼrsatadi.

Chilpish kimyoviy usulda preparatlardan Piks, Dalpiksi va Ustiks bilan 1,0-1,5 l/ga, Sojean bilan 90-105 g/ga meʼyorda yuqorida qayd qilingan muddatlardan 3-5 kun oldin, sugʼorishdan 5-7 kun avval yoki keyin sepilib oʼtkazilsa, qoʼl mehnati tejaladi, mexanik usulda chilpishga nisbatan yoqilgʼi sarfi 6 martaga kamayadi, qayta-qayta chilpish oʼtkazishga xojat qolmaydi hamda gʼoʼzaning oʼsishi va rivojlanishi jadallashib, koʼsaklarning pishib yetilishi 8-10 kunga tezlashadi, gʼoʼzani tepa qismida qoʼshimcha 3-4 koʼsak paydo boʼladi va paxta hosildorligi 15-20%ga ortadi, tola sifati yaxshilanadi, iqtisodiy samaradorlik ortadi.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Urugʼlik paxta xomashyosi chigiti

yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi

Text to speech