Ру Ўз O`z En

Suvdan foydalanishda 297 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi

22 Iyul 2020 2635

Bu yil Jizzax vohasi mehnatkashlari uchun bir muncha ogʼir keldi. Sababi, Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan toshqin tufayli suvning qadr-qimmati viloyat ahli uchun har qachongidan ham bilindi. Negaki Jizzax viloyatining Аrnasoy, Zarbdor, Mirzachoʼl, Doʼstlik, Zafarobod, Paxtakor va Forish tumanlarining ming-minglab gektar ekin ekiladigan yer maydonlari hamda Zomin va Sharof Rashidov tumanlarining maʼlum bir qismi ana shu suv omboridan keladigan Janubiy Mirzachoʼl magistral kanali orqali sugʼoriladi. Vaziyatdan chiqib ketishning eng maʼqul yoʼli- bu mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanishdir. 
 Bu kabi murakkab vaziyat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining hududiy organlari zimmasiga ham qator masʼuliyatni yukladi.
 Suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilarining suv xoʼjaligi sohasidagi qonunchilik talablari va qoidalariga rioya etilishi hamda ularning suvdan oqilona va samarali foydalanishini nazorat qilish maqsadida Inspektsiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi va Sharof Rashidov tuman boʼlimi xodimlari Zomin irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli DM – 1 kanali PK-808 suv inshoatida navbatdagi monitoring va nazorat tadbirlarini olib borishdi. Oʼrganishlar davomida  ayni kunlardagi suv tanqisligi bilan bogʼliq muammo “Samarqandquduq” fermer xoʼjaliklari hududiy uyushmasidagi fermer xoʼjaliklari va mahalla fuqarolar yigʼinida istiqomat qilayotgan xonadon egalarini ham birdek qiynayotgani maʼlum boʼldi.
  - Bizning hududda 29 ta paxta va gʼallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʼjaliklari faoliyat koʼrsatmoqda,-d yeydi “Samarqandquduq” fermer xoʼjaliklari hududiy uyushmasi raisi Sharof Ibragimov. – Аyni kunlarda 1379 gektar paxta maydoniga suv olmoqdamiz. Buning uchun ichki navbatlar tashkil qilganmiz. Biroq shunday boʼlsa-da, baribir suv yetishmovchiligi oʼz taʼsirini oʼtkazayapti.
Zomin irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli DM – 1 kanali PK-808 suv inshoatidan oqib oʼtgan kanal tumandagi “Samarqandquduq”dan tashqari, Navoiy, Qulpisar va Mehnatobod hududlarini ham obi-hayot bilan taʼminlaydi. Suv esa hammaga kerak. Аyniqsa, hozirgi pallada qishloq xoʼjaligi maydonlari va aholi tomorqalariga ekilgan ekin turlari uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Biroq suvdan foydalanishda ham davlatimiz va hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan qonun – qoidalar, tartib va meʼyorlar mavjud.
-Tumanimizda 64 ta holatda suvdan foydalanishda kamchiliklar aniqlanib, 25 ta holat boʼyicha sudlarga materiallar taqdim qilingan. Bunda suv xoʼjaligi sohasida hisob-kitoblarni yuritish, belgilangan limit asosida taqsimlab berishda xato va kamchiliklarga yoʼl qoʼyilgan. Masʼullarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan jarimiga tortilib, bu kabi kamchiliklarga qaytadan yoʼl qoʼymasliklari uchun taqdimnomalar kiritib borilayapti,-deydi “Oʼzagroinspektsiya” ning Sharof Rashidov tuman boʼlimi katta inspektori Zokir Ismoilov. – Hozir mahalla aholisi va fermerlar oʼrtasida yuzaga kelgan nizoni oʼrganib chiqdik. Zomin irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli DM – 1 kanali PK-808 suv inshoatidan Samarqandquduq hududiga kiruvchi suv yoʼli faqat bitta boʼlgani bois aholi va fermer xoʼjaliklari oʼrtasida muammo paydo boʼlgan. Biz tushuntirishlar orqali har ikki tarafni murosaga keltirishga erishdik.
Shu kuni oʼtkazilgan oʼrganish va nazorat tadbirida inspektsiya xodimlari yana bir holatga duch kelishdi. Vaziyatga koʼra, Samarqandquduq hududidagi “Shijoatkor” fermer xoʼjaligiga qarashli gʼalladan boʼshagan ochiq maydonga zaxlatib suv qoʼyilayotgandi. Chanqagan paxta maydonlariga suv zarur boʼlib turgan va suv tanqisligi bilan bogʼliq muammolar kuzatilayotgan bir sharoitda yer egalarining bu harakati qanchalik toʼgʼri? Xoʼjalikda esa suvchidan boshqa hech kimni uchratmadik. Suvchi akamiz avvaliga suvni zovurdan olayotganini aytdi, keyin savol – javoblardan istehola qildi shekilli, darhol juftakni rostladi. Аlbatta suv bilan bogʼliq bunday vaziyatga inspektsiya xodimlari qonunda belgilangan tartibda chora koʼradilar. Lekin bunday murakkab vaziyatda daryo, kanal, yer va beton ariqlarda oqayotgan suvning har bir tomchisidan oqilona foydalanish lozimligini unutmaslik kerak.   
Maʼlumot oʼrnida, Inspektsiyaniing Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan joriy yilning birinchi chorak yakuni boʼyicha jami oʼtkazilgan 305 ta oʼrganishlarda 297 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Mazkur qonunbuzilishlarning 80 tasiga inspektsiyaning tuman boʼlimlari tomonidan 30 mln 774 ming soʼm miqdoridagi maʼmuriy jarimalar qoʼllanilib, 100 ta holat tegishliligi boʼyicha maʼmuriy sudlar va prokuraturaga oshirilgan. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 19 martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzishda ifodalangan 91 ta holatga jami 32 mln 690 ming soʼm moliyaviy sanktsiyalar qoʼllanilgan.


Umrzoq Xamdamov, “Oʼzagroinspektsiya” Jizzax viloyat boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʼyicha bosh inspektor

Text to speech