Ру Ўз O`z En

SUVDAN NOQONUNIY FOYDALANISH HOLATLARIGA CHORA KO‘RILMOQDA

19 Iyul 2022 1487

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suvdan oqilona foydalanish bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi. “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan hududlar kesimida olib borilayotgan nazorat tadbirlarida ayrim hollarda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga bepisandlik bilan munosabatda bo‘linayotganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, Inspeksiyaning Qiziltepa tuman bo‘limi xodimlari tomonidan bu boradagi haqiqiy ahvol o‘rganilganda, g‘o‘za maydonlarini ko‘llatib sug‘orish, suvni zovurga tashlash, suv hisob-kitobi jurnallarini to‘g‘ri yuritmaslik, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etib, undan foydalanmaslik va boshqa shu kabi bir qancha xato-kamchiliklar aniqlandi.

Xususan,  nazorat tadbirlari davomida “Bo‘ston” hududidagi “Tavois javohiri” hamda “Oq oltin” hududidagi “Shabon yodgor niyati” fermer xo‘jaliklari g‘o‘za maydonining 0,10-0,30 gektar maydoni eʼtiborsizlik tufayli ko‘llatib sug‘orilgani aniqlandi. Mazkur ikkala holat bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bundan tashqari  “Qo‘chqor Karim” fermer xo‘jaligi tomonidan suv tanqisligi sharoitida paxta maydoni uchun ajratilgan suvdan sholi ekinini sug‘orib kelingani aniqlandi. Bu ham yetmagandik, dala oxiridagi zovurga 10 l/s suv tashlab qo‘yilib, isrof etilgan.

“Haydar Istam” fermer xo‘jaligi tomonidan ham qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish tartibi buzilgan. Yaʼni fermer xo‘jaligi tomonidan yer maydoniga kiradigan suvni hisob-kitobini yuritishda foydalaniladigan reka o‘rnatilmagan. Suvchilar nazoratsizligi oqibatida dala oxiridan 0,10-0,15 gektar maydon ko‘llatib yuborilgan. 

Nazorat tadbirlari davomida Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi ham o‘rganildi. O‘rganishlar davomida tumandagi “Shahzoda kelajagi”, “Safar ota”, “Yulduz”, “Xonzurun oqshomi”, “Davron” fermer xo‘jaliklarida 2021 yil suv tejovchi texnologiya joriy etilganiga qaramay, g‘o‘za maydonlarini anʼanaviy usulda sug‘orib kelayotgani aniqlandi.

- Mazkur oyning o‘tgan 15 kuni davomida suvdan foydalanish sohasi bo‘yicha 20 ta nazorat tadbiri o‘tkazildi, - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Qiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Oybek Rajabov. – Shundan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 2 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 10 ta yozma ko‘rsatma berildi. Shu bilan birga suvdan oqilona foydalanishga oid qaror va farmonlar mazmun-mohiyati yuzasidan 20 ga yaqin profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.  Sohaga oid nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech