Ру Ўз O`z En

URUG‘CHILIKDA DALA APROBATSIYANING NAZORATI ALOHIDA AHAMIYATGA EGA

25 May 2023 1993

Qishloq xo‘jaligi sohasida Seleksiya biror ekin turining navini yaratilishi bo‘lsa, uning hayotini taʼminlash esa urug‘chilik tarmog‘ining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Har qanday navning urug‘chiligini yangilash bilan muntazam ravishda shug‘ullanib borilmas ekan yaratilgan navning belgilangan sifat ko‘rsatkichlari buzilishi bilan birga uning morfologik yoki qimmatli xo‘jalik belgilari o‘zgarib, yaratilgan navning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.

Ko‘p yillik tajribalardan shunarsa maʼlumki, xo‘jaliklar tomonidan sifatsiz urug‘lardan ekib foydalanishi natijasida, qilingan sarf xarajatlar o‘zini oqlamasligidan tashqari sifatsiz urug‘ ekilgan yer maydonning bir yillik umri foydasiz ketishiga olib kelgan.

Shu sababli, Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlashda isteʼmolchilarni sifati kafolatlangan va sertifikatlangan urug‘liklardan ekib foydalanishini nazorat qilish maqsadida, urug‘liklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urug‘liklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish yuzasidan, O‘zbekiston respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risidagi” Qonuni hamda Prezidentimizning sohaga tegishli qarorlari va Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda boshqa ko‘pgina normativ huquqiy hujjatlarda “O‘zagroinspeksiya” ga tegishli vazifalar belgilab berilgan.

Xususan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga asosan respublikada urug‘liklarni sifat ko‘rsatkichlarini belgilash, aniqlash va ularni nazorat qilish borilishi uch bosqichda amalga oshiriladi. Bunda:

Birinchi bosqich urug‘liklarning genetik (nav) sifati urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinlarning dala aprobatsiyasi orqali;

Ikkinchi bosqich  urug‘lik ekinlarning navlarini tuproqqa ekib baholash orqali;

Uchinchi bosqich urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan ekinboplik sinovlari natijalari orqali aniqlanadi.

Urug‘liklarning dastlabki sifat ko‘rsatkichlarini yaʼni dala aprobatsiyasi genetik (nav) sifati navdorligini aniqlashda, urug‘lik maydonda o‘simliklardan olingan namunalarni ko‘z orqali chamalab tahlil qilinadi va ushbu navni yaratgan nav originatori bergan tavsifiga to‘liq javob berishi talab etiladi.

Ko‘pchilikda o‘rinli savollar tug‘iladi. Aprobatsiya so‘zining maʼnosi nima? nima sababdan urug‘lik maydonlarda komissiyalar tuzilib aprobatsiya dala ko‘rigi o‘tkaziladi? aprobatsiyani komissiyasiga kimlar jalb etiladi? Mazkur jarayonlarni kimlar nazorat qiladi? Ushbu savollarga quyidagicha javob beriladi.

APROBATSIYA bu – (lotincha so‘zdan olingan bo‘lib Approbatio — tasdiqlash, maʼqullash maʼnosini anglatadi).

Arxiv manbalarga ko‘ra mamlakatimizda dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish ishlari o‘tgan asrning 1925 yilidan boshlangan ekan.

DALA APROBATSIYASI – urug‘lik maydonlardagi ekinlarning umumiy holati yaʼni genetik (nav) jihatdan sofligi va boshqa sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, baho berish hamda ushbu maydondan olinadigan urug‘liklarni kelgusida urug‘lik maqsadida foydalanishi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbir hisoblanadi.

Nima uchun aprobatsiya ko‘rigi o‘tkaziladi ?

Respublikada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarni ekishga tavsiya etilgan, rayonlashtirilgan va istiqbolli navlarning genetik sof, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan urug‘liklari bilan taʼminlash maqsadida, urug‘lik olish va parvarishlangan maydonlarda har yili ekin turiga qarab belgilangan muddatlarda aprobatsiya ko‘rigi o‘tkaziladi.

Aprobatsiya ko‘rigini kimlar va qayerda o‘tkazadi ?

O‘zbekiston respublika «Urug‘chilik to‘g‘risida» gi qonunga Urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinlarning aprobatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagroinspeksiya”, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda taʼminot tashkilotlari, ilmiy muassasalarning qo‘shma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari qo‘shma qaroriga asosan urug‘lik maydonlarida o‘tkaziladi

Aprobatsiyaning maqsadi nima ?

Dala aprobatsiyasining asosiy maqsadi, urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik maydonlardagi ekinlarning genetik (nav) jihatdan sofligi, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligi, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligi, ajratilishi qiyin bo‘lgan madaniy o‘simliklar, begona o‘tlar, jumladan eng xavfli karantin va zaharli begona o‘simliklardan tozalanganligi hamda urug‘ yetishtirish uchun tavsiya etilgan agrotexnika tadbirlari to‘g‘ri o‘tkazilganligi o‘rganilib taxminiy hosildorligi aniqlashdir.

Bunda urug‘chilik subyektlarning urug‘lik maydonlarida ekinlarning navdorlik va boshqa sifatlarini saqlab qolishda qilinayotgan ishlariga baho beriladi.

Aprobatsiya o‘tkazilishini nazorat qilish tartibi?

O‘zbekiston Respublikasining «Urug‘chilik to‘g‘rsida»gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarorining
3-ilovasi bilan tasdiqlangan «Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida» Nizomiga asosan “O‘zagroinspeksiya”tomonidan nazorat qilinadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikamizda bugungi kunda, amalga oshirilayotgan bu tadbirlar natijasida 2024 yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil g‘alla navlaridan urug‘lik don jamg‘arilishda Inspeksiyaning «Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarma»si hamda viloyat boshqarma, tuman hududiy bo‘limlari tomonidan tegishli choralar belgilanib, nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

 Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari

yetishtirilishini nazorat qilish

boshqarmasi bosh mutaxassisi                                                                   Sh.Xayitov

Text to speech