Ру Ўз O`z En

Yuqori sifatli don - daromad oshishi manbaidir.

14 Iyul 2020 2975

 

Yurtboshimiz tashabbusi bilan gʼallachilikni rivojlantirishda har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos, hosildorligi va sifati yuqori istiqbolli navlar yaratish, xalqimizni sifatli non mahsulotlari bilan taʼminlash agrosohadagi mutaxassislarning asosiy maqsad va vazifasi hisoblanadi.

Joriy yilda  Buxoro viloyati fermer xoʼjaliklari tomonidan don korxonalariga davlat ehtiyoji uchun 164 ming 479 tonna tovar va 15 ming 200 tonna urugʼlik don topshirish boʼyicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan va kontraktatsiya shartnomalarida davlat ehtiyoji uchun 3-sinf talabiga mos bugʼdoy doni topshirishlari belgilangan. Buning uchun  fermer xoʼjaliklari bugungi kunda nimalarga eʼtibor berishlari va ular uchun bu qanday iqtisodiy ahamiyatga egaligini bilishlari muhim ahamiyatga egadir. Don qabul qilish korxonalariga topshirish rejalashtirilgan bugʼdoy doni, tayyorlash va yetkazib berishga boʼlgan talablar davlat standarti asosida qabul qilinadi va ushbu meʼyoriy hujjatga asosan bugʼdoy doni sifatiga koʼra 5 ta sinfga boʼlinadi. Don korxonalariga topshirilgan don uchun fermer xoʼjaliklari bilan hisob-kitob ishlari davlat standartida koʼrsatilgan sinflar boʼyicha olib boriladi.
Bugʼdoyning sinfini aniqlashda yuqorida qayd etilgan davlat standartida koʼrsatilgan don sifat koʼrsatkichlarining eng yomon sifat koʼrsatkichi eʼtiborga olinadi va bu bugʼdoyning sinfidan kelib chiqib narxini belgilovchi asosiy omil boʼlib hisoblanadi. Bugʼdoy sinfi qancha yuqori boʼlsa uning sifati yuqori va narxi baland boʼladi. Fermer xoʼjaligi bilan don qabul qilish korxonasi oʼrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga asosan topshirilayotgan bugʼdoy doni davlat andozasida koʼrsatilgan cheklangan meʼyorga asosan namligi 17,0 foizdan, ifloslik aralashmasi 5,0 foizdan, don aralashmasi 15,0 foizdan yuqori, natura ogʼirligi 710 g/l dan past boʼlmasligi belgilangan.
Buning uchun don yetishtiruvchi fermer xoʼjaliklari ayni kunlarda nimalarga eʼtibor berishlari talab qilinadi, bugungi kunda gʼalla maydonlarida yetishtirilayotgan bugʼdoyni belgilangan agrotexnik tadbirlar talablarini bekamu koʼst bajarishlari, begona oʼt va har hil kasalliklardan ayniqsa gʼalla kushandasi boʼlmish zararli hasvaga qarshi kurashish choralarini koʼrishlari, topshirilayotgan donni cheklangan meʼyor talabiga mos holda birlamchi tozalab va quritib topshirishlari shart boʼladi.
Dehqonlar tajribasidan maʼlumki, hasva bilan zararlangan gʼalla maydonlari donining sifati va sinfi past boʼladi, nooziq-ovqat sanoatiga ishlatish uchun yaroqli, narhi past boʼlgan beshinchi sinf toifasidagi don sifatida qabul qilinadi, bu esa fermer xoʼjaligi daromadiga salbiy taʼsir qiladi. Аgar aksi boʼlsayu, yuqori sinf talabiga mos bugʼdoy yetishtirilsa daromad oshadi imkoniyatlar kengayadi, sifati past gʼalla maydonlari keskin kamayib, davlatga sifatli gʼalla, xalqimiz dasturxoniga yanada sifatli non mahsulotlari yetkazib beriladi, pirovard natijada fermer xoʼjaliklarining daromadi oshadi, imkoniyatlari kengayishiga zamin yaratiladi. Chunonchi, Buxoro viloyatida mustaqillikkacha deyarli don yetishtirilmagan. Mustaqillik yillarida qishloq xoʼjaligi sohasida oʼtkazilgan yangi islohotlar natijasida viloyatda don yetishtirish salmogʼi koʼpayib Davlat xirmonlariga 181 ming 170 tonna atrofida sifatli don qabul qilib olinmoqda.
Oʼz navbatida yetishtirilayotgan donni davlat omborlariga qabul qilib olinishi, sifatli saqlanishi hamda donni qayta ishlashda don va don mahsulotlaridan oqilona foydalanishda "Oʼzagroinspektsiya"ning Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining ham alohida oʼrni bor. Buxoro viloyatida don yetishtirish uchun oʼtkazilgan izlanishlar, donni nonvoychilik xususiyatlariga qarab nav tanlashda "Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi" DUK Buxoro viloyati filiali xodimlari hamda viloyat don korxonalari mutaxassislari bilan birgalikda bahamjihat mehnat qilib 2020 yil hosili uchun sifatli bugʼdoy tayyorlandi. Ushbu yetishtirilgan gʼallani nonvoychilik xususiyatlari umumtahlil (obesledovanie)dan oʼtkazilganda 5 ballik mezon bilan baholashda 4 ball bilan baholandi.
Buxoro viloyatida Davlat resursidagi donni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash bilan shugʼullanuvchi korxonalar timsolida bu ishlarni bajarilishi monitoring qilinganda 2020 yil hosilidan qabul qilingan boshoqli donlar 1 sentyabrь holatida toʼliq omborlar va maxsus yopiq sigʼimlarga kiritilib saqlanishi rejalashtirilgan. Keyingi yillar mobaynida donni saqlash ishlarini yanada yaxshilash maqsadida zamonaviy turdagi metall sigʼimlar va shamollatish turlari mavjud mexanizatsiyalashtirilgan omborlar, bular, "Buxorodonmahsulotlari" АJda 3000 tonna metall sigʼim va 20000 tonna. "Qorakoʼldonmahsulotlari" aktsiyadorlik jamiyatida 15000 tonna, "Qorakoʼldonmahsulotlari" АJga qarashli "Yakkatut" MChJda 3000 tonna metall sigʼim va 27 000 tonna sigʼimga ega boʼlgan mexanizatsiyalashtirilgan omborlar qurilib ishga tushirildi.
Qabul qilingan don mahsulotlari sifati, saqlanishi, ularni joylashtirish tartibiga rioya qilinishi, ularning miqdori va sifati boʼyicha hisobga olishning toʼgʼriligi, donlarning saqlashda tabiiy kamayish normalari qoʼllanishining asoslanganligi ustidan doimiy nazoratini amalga oshirish inspektsiyaning asosiy vazifalaridan biridir.

K.Аhmedov, Don urugʼlar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi boshligʼi

Text to speech