Ру Ўз O`z En

303 ta yog‘-moy korxonasidan faqat 77 tasi belgilangan talablarga muvofiq ishlashi aniqlandi

2 Iyul 2021 4860

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, yog‘-moy korxonalarining paxta texnik chigitini to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)da maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi ustidan nazoratni amalga oshirish  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi PQ-3479-son qarori 2-band, “a” kichik bandi uchinchi xatboshisi bilan   “O‘zagroinspeksiya” zimmasiga yuklatilgan.

Mazkur Qaror ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Inspeksiyada yog‘-moy korxonalarida nazorat tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Respublika muvofiqlashtiruvchi komissiya, shuningdek, “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, “O‘zstandart” agentligi hamda “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati” mutaxassislaridan iborat tarkibda Ishchi guruhlari tashkil etilib, nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Xususan, 2021 yilning iyun holatiga 514 ta korxonalarda tekshirishlar yakunlandi. Tekshirilgan 514 ta yog‘-moy korxonalaridan 303 tasining faoliyati paxta texnik chigitini, 90 tasi boshqa moyli o‘simliklarni (shundan 39 tasi kungaboqar, 14 tasi zig‘ir, 6 tasi maxsar, 31 tasi boshqa moyli ekin) qayta ishlash faoliyati bilan, 93 tasi esa umuman boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanishi, 28 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatganligi aniqlandi. Texnik chigitni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullangan 303 ta yog‘-moy korxonasining 77 tasi paxta texnik chigitini qayta ishlash uchun belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritayotganligi, 226 ta korxonalar faoliyati esa(35 tasida hech qanday texnologik uskuna yo‘q, 52 tasida faqat presslash uskunasi bor, 13 tasida ekstraksiyalash uskunasi yo‘q, 126 tasida texnologik sikllarning ikkitadan ortiq ayrim turlari mavjud) qarorda belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlandi.

Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 402 ta (45 ta ogohnoma, 350 ta ko‘rsatma va 7 ta taqdimnoma) taʼsir choralari ko‘rilib, 36 ta (sudlarga 23 ta, prokuratura organlariga 13 ta) yog‘-moy korxonalariga oid to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Bundan tashqari,  Inspeksiya tomonidan amalga oshirilgan hujjatli tahlil natijalari muqaddam farmon talablariga javob bermasligi aniqlangan 20 ta yog‘-moy korxonalari texnik chigitni birjadan xarid qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinganligi va to‘liq texnologik sikli mavjud bo‘lmasada qayta ishlaganligi aniqlandi. Mazkur holatlari yuzasidan 20 ta korxonalarga oid to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (8 tasi prokuraturaga, 8 tasi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga va 4 tasi sudlarga) kiritildi.

Qarorda belgilangan talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan yog‘-moy korxonalari haqidagi maʼlumotlar  Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 noyabrdagi 03/1-2355-sonli topshirig‘i hamda 2020 yil 1 dekabrdagi yig‘ilish bayoni (ro‘yxat raqami 03/1-3203, 2020 yil 2 dekabr) 6-bandiga asosan Respublika tovar xom-ashyo birjasiga yuborildi.

Bu amalga oshirilayotgan tadbirlar, tarkibida tabiiy zaharli modda - gossipol belgilangan meʼyorlardan ortiq bo‘lgan paxta moyi ishlab chiqarilishini oldini olish va aholi salomatligi taʼminlash uchun qaratilgan bo‘lib, chigitdan olinadigan tayyor mahsulotlarda gossipol moddasi miqdorini havfsiz darajaga tushirish uchun paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda qayta ishlash talabi belgilangan.

Zero aholi salomatligi eng oliy va eng ustivor maqsaddir!

Inspeksiyaning Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish  bo‘limi

Text to speech