O‘zagroinspeksiyaning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi natijasida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar ustidan doimiy tarzda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Joriy yilda tizimli olib borilgan nazorat tadbirlarida bir nechta yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer to‘g‘risidagi qonunchilikka zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan o‘zboshimchalik bilan yerlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishga sabab bo‘lgan qonun buzilish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, Mirzaobod tumani “Oq oltin” hududida qishloq xo‘jaligi xaritasining 27-konturlaridagi 47 ball bonitetli sug‘oriladigan ekin yer maydonlarida jami 0,304 gektar yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilish qurish oqibatida, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 55-bandi talablaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqildi. Unga ko‘ra yetkazilgan zarar 148 million 518 ming so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, ushbu hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “DEHQONOBOD ISSIQXONA KOMPLEKSI” mas’uliyati cheklangan jamiyati yer maydoni o‘rganilganda MChJ ijarasida bo‘lgan 24q-konturdagi ball boniteti 44 ball bo‘lgan 0,05 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan isitish binolari qurilishi oqibatida ushbu yer maydonini qishloq ho‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hamda 22 million 868 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.
Xuddi shunday holat “Oq oltin” hamda “T.Axmedov” hududlarida faoliyat yuritayotgan “MIRZAOBOD UNIVERSAL TRADE CLUSTER” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 26-qism-konturdagi bonitet balli 47 bo‘lgan 0,25 gektar sug‘oriladigan yer maydonida aniqlandi. Ushbu konturda o‘zboshimchalik bilan idora binosi qurib, tarozi o‘rnatilganligi va yerga asfalt yotqizilganligi sababli yer maydonining qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hamda 122 million 137 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlarda, Yer to‘g‘risidagi qonunchilikka zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan o‘zboshimchalik bilan yerlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishga sabab bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar miqdorini undirish yuzasidan belgilangan tartibda sudlarga da’vo arizalar kiritildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yer turlarini, ayniqsa sug‘oriladigan yer maydonlarini saqlab avaylash, noqonuniy egallab olmaslik va o‘zboshimchalik bilan qurilishlar qilmaslik yuzasidan joylarda keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
K.Kodirov,
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan
foydalanishni nazorat qilish sho‘basi bosh mutaxassisi