Ру Ўз O`z En

G‘ALLA EKILADIGAN MAYDONLARNING SHO‘RI YUVILMOQDA

18 Avgust 2022 1018

Hukumatning “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yerlarning sho‘r yuvish ishlari tadbir rejasi bo‘yicha berilgan tavsiyalar asosida maqbul muddatlarda va ajratilgan suv olish limitlari doirasida, sho‘r yuvish meʼyorlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.

 

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiyaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalardan tajribali xodimlar jalb etilib, belgilangan tadbirlarning sifatli bajarilishini tashkil etishda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda 59,0 ming gektar maydonda g‘alla ekilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib mazkur maydonlarda sho‘r yuvish tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 14,8 ming gektar yer maydonida sho‘r yuvish tadbirlari o‘tkazilgan  yaʼni  reja 32 foizga amalga oshirilgan.

Jumladan, Xo‘jayli tumanida 1554 gektar yoki 49 foiz, Taxiatoshda 43 foiz, Amudaryo, Shumanay tumanlarida 36 foizdan, Beruniyda 32 foiz, To‘rtko‘lda 31 foiz, Nukusda 29 foiz, Kegeylida 25 foiz maydonlarda sho‘r yuvish ishlari bajarilgan.

Yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini o‘tkazishda sho‘r yuvish normasi tuproqning sho‘rlanganlik darajasiga va mexanik tarkibiga qarab, ishlab chiqilgan grafik asosida pollarni suv bilan to‘ldirishda yuqoridan pastga qarab, kollektor-drenaj tarmog‘i tomon navbat bilan amalga oshirilmoqda.

Mintaqamizda suv taqchilligi yil sayin oshib borayotgan bugungi sharoitda yerlarning sho‘rini yuvish tadbirlarida ham suvni tejash talab qilinmoqda, shuningdek, sho‘r yuvishga ajratilayotgan suv resurslaridan suv olish limitlari doirasida ushbu tadbirni sifatli o‘tkazishning barcha choralarini ko‘ryapmiz – deydi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi bosh inspektori B. Sattorov.

Shu bilan birga, joylardagi agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga sho‘r yuvish uchun berilgan suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yishga va ularning texnik holatiga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda hamda yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini o‘tkazish tartibi haqida batafsil maʼlumotlar berilmoqda.

O‘z navbatida, Inspeksiya tomonidan o‘tkazib kelinayotgan targ‘ibot tadbirlari natijasida fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanish taʼminlanmoqda.

Bugungi kunda, sug‘oriladigan yerlarni sho‘rini yuvish ishlari, shuningdek, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.

"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi

 

Text to speech