Ру Ўз O`z En

Ishtixon tumanida gidroponika usulida chorva ozuqasi yetishtirilmoqda

24 Avgust 2022 1215

Ozuqa bazasini rivojlantirish orqali chorvachilik mahsulotlari yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirish mavzusidagi loyiha  bajarildi.

Dastavval chorvachilikka ixtisoslashgan “Qilichev Bahrom” fermer xo‘jaligining bo‘sh turgan binosida donni namlatib, gidroponika usulida ko‘k ozuqa yetishtirish uchun sharoit yaratildi.                                                                                   

Gidroponika asosida chorva uchun ko‘k massa ishlab chiqarishning afzalliklari juda ko‘p, ko‘p miqdordagi mehnat va moddiy resurslar tejaladi. Ilgari chorva ozuqasi yetishtirish bilan band bo‘lgan maydonlarga boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish imkoniyati yuzaga keladi. Qolaversa, gidroponika texnologiyasini qo‘llash chorva ozuqasining tannarxini arzonlashtiradi.                                                                                                    

Bu usul chorva mahsuldorligiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Birgina misol, mazkur fermer xo‘jaligida shunday shirali chorva ozuqasi bilan oziqlantirilganda sog‘in sigirlarning mahsuldorligi o‘rtacha 30-35 foizga oshdi.

Sodda qilib aytganda, 1 metr kvadrat yerda gidroponika usulida undirilgan dondan 25 – 28 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin. Buning uchun atigi 7 – 8 kun kifoya qiladi. Xuddi shu o‘lchamdagi yerda bir yilda 52 marta hosil yetishtirib,  1300 – 1456 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin, deganidir. Ushbu ko‘rsatgich don va takroriy ekindan olinadigan dag‘al – xashak va silosga nisbatan 282 – 316 martaga ko‘p. Bu tajribani ommalashtirish va mahsuldorlikni oshirish orqali bozorlarimizda chorva mahsulotlarini ko‘paytirish, ular narxini pasaytirish, ozuqa yetishtirish uchun ekin maydonlari yetishmovchiligi muammosini yumshatish va qo‘shimcha ish joylarini yaratish imkonini beradi.

A.Xolbekov, Agroinspeksiyaning Ishtixon tuman bo‘limi boshlig‘i

Text to speech