Ру Ўз O`z En

NAVOIYDA SUV OQIMI TEZLIGINI ANIQLASH O‘LCHOV VOSITALARI TEKSHIRUVDAN O‘TKAZILDI

20 May 2021 2052

Qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish o‘ta muhim. Yildan yilga suvga bo‘lgan ehtiyoj ortsa ortmoqdaki kamaygani yo‘q. Bu esa suvdan oqilona foydalanish, suv sarfini aniqlashni talab etadi. Bu boradagi ishlarni nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi inspektorlari tomonidan viloyatdagi suv oqimi tezligini aniqlashda foydalaniladigan o‘lchov vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.

Xususan, Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimidagi Karmana, Xatirchi, Navbahor va Konimex tumani Irrigatsiya bo‘limlarida, Karmana-Konimex Irrigatsiya, Toshrabot-O‘rtacho‘l Irrigatsiya tizimi, meliorativ ekspeditsiyasida va nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarida O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tekshirish olib borildi.

“Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi hamda metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchov vositalari turkumlarining ro‘yxati 95-qatorida (ro‘yxat raqami 3174, 2019 yil, 30 iyul,) suv oqimining tezligini o‘lchov vositalari har o‘n ikki oyda tekshiruvdan o‘tkazilishi lozimligi belgilangan. Shunga qaramay, havza boshqarmasi tizimidagi boshqarma va bo‘limlarning mansabdor shaxslari tomonidan o‘lchov vositalarini o‘z vaqtida metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishiga beparvolik bilan qaralib, maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, tekshirish davomida havza boshqarmasi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar tomonidan suv o‘lchash qurilmalarida suv oqimi tezligini aniqlashda foydalanib kelinayotgan jami 33 dona, GRVS va GR-21M gidrometrik vertushkalar davlat metrologiya tekshiruvidan (qiyoslashdan) umuman o‘tkazilmagani aniqlandi.

-   Bugungi kunda havza boshqarmasi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar  tasarrufida jami 561 dona gidropostlar mavjud,- deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi bosh inspektori Ulug‘bek Yusupov.- – Ularning barchasi belgilangan tartibda to‘liq attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarimizda amalda ushbu gidropostlarning attestatsiyadan o‘tkazilishi bo‘yicha hujjatlar nomigagina rasmiylashtirilgani ayon bo‘ldi.  Shuningdek, barcha gidropostlarni attestatsiyadan o‘tkazish, pasportlarni rasmiylashtirish, gidrometriya xizmatini olib borish, suvning hisob-kitoblari yuritilishi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va shunga o‘xshash boshqa vazifalar ijrosi taʼminlanishi bo‘yicha ishlar to‘liq amalga oshirilmagan.

Jumladan, Karmana tuman irrigatsiya bo‘limida mavjud gidropostlar uchun texnik pasportlar mavjud bo‘lib, “Gidrotexnik inshootning graduirovkalanganligi haqida”gi dalolatnomalar, “Metrologik attestatsiyalash haqida”gi Qarorlar, “Metrologik attestatsiyalash haqida”gi guvohnomalar to‘liq rasmiylashtirilmagan hamda attestatsiya komissiya aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda to‘liq imzolanib, tasdiqlanmagan.

Shuningdek, har bir gidrotexnik inshootlarning ishga yaroqli ekanligini aniqlash va undan foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risida komissiya aʼzolari ishtirokida qaror qabul qilinishi, yig‘ilish bayoni o‘tkazilib Xatirchi tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan tasdiqlanishi belgilanganligiga qaramasdan, ushbu ishlar amalda bajarilmagan. Gidropostlarning attestatsiyalash to‘g‘risidagi qarorda yaroqli yoki yaroqsiz ekanligi to‘g‘risida maʼlumot ko‘rsatilmagan. Shu kabi holatlarga, havza boshqarmasi tizimidagi barcha boshqarma va bo‘limlarda yo‘l qo‘yilgan. Mazkur sohadagi kamchiliklar bosh gidrometrlar va bosh gidrotexniklarning ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi sababli kelib chiqqan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan havza boshqarmasi tizimidagi barcha boshqarma va bo‘limlarga taqdimnomalar kiritildi. Bundan tashqari, kamchilik aniqlangan hududlarda “O‘zagroinspeksiya” inspektorlari ishtirokida xatolarni bartaraf etish, qonunbuzilishlar oldini olishga bag‘ishlangan davra suhbatlari ham tashkil etildi. Bu borada havza boshqarmasi tizimi xodimlariga zarur maslahat va tavsiyalar berildi.

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Text to speech