Ру Ўз O`z En

NAVOIY : CHORVACHILIKDA QONUN HUJJATLARIGA VA NORMATIV HUQUQIY HUJJATLARGA RIOYA ETILISHI USTIDAN QANDAY NAZORAT TADBIRLARI AMALGA OSHIRILMOQDA  

17 Avgust 2022 1278

Uchquduq tumani Navoiy viloyat markazidan ancha olisda joylashgan hudud bo‘lib, aholining asosiy mehnat daromadi manbai chorvachilik hisoblanadi. Tumanda chorvachilik yo‘nalishida jami 120  ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, shundan 98 tasi qo‘ychilik, 5 tasi qoramolchilik, 6 tasi yilqichilik, 7 tasi tuyachilik, 2 tasi parrandachilik va 2 tasi baliqchilik yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda mavjud fermer xo‘jaliklarida jami 1 ming 202 bosh yirik shoxli mollar, shundan 507 bosh sigirlar, 68 ming 897 bosh mayda shoxli mollar, 1 ming 382 bosh ot, 870 bosh tuya va 3 ming 390 bosh parranda parvarish qilib kelinmoqda.

Chorvachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan fermer xo‘jaliklarda mavjud sohaga oid qonun va qarorlar ijrosiga amal qilinishi sifatli go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirishda muhim ahamiyatga ega. Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tuman bo‘limi tomonidan qator nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga chorvachilik yo‘nalishi yuzasidan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarda qonunchilik mohiyati atroflicha tushuntirib kelinmoqda.

 Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan jami 91 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lsa,  shundan 83 tasini  monitoring hamda  8 tasini  tekshirish tashkil etadi.

Fermer xo‘jaliklarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 92 ta qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Shundan 74 tasi qo‘ychilik, 5 tasi qoramolchilik, 6 tasi yilqichilik, 7 tasi tuyachilik yo‘nalishlarida aniqlangan xato va kamchiliklardan iborat.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 15 ta ogohlantiruv xatlari, 85 ta holatda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, qonunbuzilishini bartaraf etish uchun tegishli tashkilot va hokimliklarga 5 ta taqdimnoma kiritilishi taʼminlandi. 

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 748- sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 25,31,41-47 bandida ko‘rsatilgan talablari bajarilishi bo‘yicha inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalarga rioya qilmagan tegishli tashkilotlarning chorva bo‘yicha masʼul ikki nafar xodimiga nisbatan to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman sudiga yuborilishi taʼminlandi.

Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.

 

Zulfiya Boboyeva,  “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi  matbuot xizmati rahbari

Text to speech