Ру Ўз O`z En

Qishloq xoʼjaligida suv isteʼmolini “suiisteʼmol” qilayotganlar kim?

4 Dekabr 2020 2255

Oʼtgan hisobot davrida “Oʼzagroinspektsiya”ning Fargʼona viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli boʼyicha “Suv va suvdan foydalanish toʼgʼrisida” gi Qonun va qonunosti hujjatlar ijrosi yuzasidan bir qator nazorat tadbirlari amalga oshirildi.

Nazorat tadbirlari davomida Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar (Quvasoy shahar) boʼlimlari tomonidan suvdan oʼzboshimchalik bilan foydalanish, suv olish limitlari va rejalarining buzilish holatlari boʼyicha joriy yilning yanvarь-noyabrь oylari davomida 493 ta nazorat tadbirlari oʼtkazilgan boʼlib, shundan 137 ta xabardor qilish tartibida tekshirish, 356 ta monitoringlar oʼtkazish jarayonida 438 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Natijasi boʼyicha tegishli idoralarga 125 ta yozma koʼrsatma, 35 ta taqdimnomalar kiritilgan, 271 ta maʼmuriy choralar koʼrilib, qoʼllanilgan 87,3 mln. soʼm jarimalarning 70,2 mln. soʼmi , 287 mln soʼmlik moliyaviy sanktsiyalarning 260,4 mln.soʼmi undirilgan, 149 ta holatda materiallar sudlarga va 8 ta materiallar prokuratura organlariga yuborilgan.

Misol uchun, Buvayda tumanidagi “Jamshidbek Sherzodbek” fermer xoʼjaligi rahbari K.А. tuman suv isteʼmolchilar uyushmasi bilan umumiy 19.68 gektar yer maydonini 2020 yil hosili uchun sugʼorishda shartnoma tuzmasdan suvdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan va mazkur holat yuzasidan xabardor etish tartibida tekshirish oʼtkazilgan.

Shuningdek, tumandagi “Navbahor Qoʼshtepa chorvadori” fermer xoʼjaligi rahbari M.N. hududidagi tuman suv isteʼmolchilar uyushmasi bilan umumiy 6,20 gektar yer maydonini 2020 yil hosili uchun sugʼorish yuzasidan shartnoma tuzmasdan, suvdan noqonuniy foydalanib kelganligi aniqlangan. Ish boʼyicha toʼplangan hujjatlar tuman maʼmuriy ishlar boʼyicha sudiga qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborildi.

Bundan tashqari, Fargʼona tuman suv isteʼmolchilari uyushmasida oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida “Xonqiz” suv taqsimlash boʼlimi gidrometri Yo.B. va “Chimyon” uchastka boshligʼi M.E.lar tomonidan belgilangan taqsimotlarni buzib, oʼzboshimchalik bilan taqsimotdan ortiqcha suv berayotganliklari aniqlandi va bu haqda belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, moliyaviy va maʼmuriy jarima jazosi qoʼllanildi

Tuman irrigatsiya boʼlimi hisobidagi Oqbilol suv taqsimlash boʼlimi gidrotexnigi Z.J. oʼziga biriktirilgan “Qorasuv” suv olish dahanasiga belgilangan taqsimotni buzib, oʼzboshimchalik bilan ortiqcha suv berayotgani aniqlangan va MJtKning tegishli moddasi bilan unga nisbatan jarima qoʼllanildi.

Yozyovon tuman Irrigatsiya boʼlimiga qarashli “Yozyovon” nasos stantsiyasida oʼtkazilgan oʼrganishda topshiriqnomasiz suv taqsimlangani aniqlanib, ushbu holat yuzasidan nasos stantsiyasi rahbariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima chorasi qoʼllanildi.

Xuddi shuningdek, Tuman irrigatsiya boʼlimi tasarrufidagi “Yangiobod” suv taqsimlash boʼlimida oʼtkazilgan oʼrganish jarayonida STB texnik-gidrotexnigi tomonidan oʼzboshimchalik bilan “Muhammad Аziz Iqboli” fermer xoʼjaligiga 30 l/sek suvni ochib berganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan STB texnik-gidrotexnigiga nisbatan belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shu kabi holat tuman irrigatsiya boʼlimi hisobidagi “Yoʼldoshobod” suv taqsimlash boʼlimining suvdan foydalanish holati oʼrganilganida, STB texnik-gidrotexnigi А.S. tomonidan hududdagi “Durlar makoni guliston” fermer xoʼjaligiga taqsimot boʼlmasada, talabnomasiz 50 l/sek suvni ochib berganligi aniqlandi.

Yuqorida aniqlangan qonunbuzilishlar va kamchiliklarga yoʼl qoʼyilmaslik, ularni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan joylarda tushuntirish ishlari olib borilib, hududdagi suv nazoratchilari, fermer xoʼjaliklari rahbarlariga koʼrsatmalar berilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya”ning Fargʼona viloyat boshqarmasi

Text to speech