Ру Ўз O`z En

Qonunbuzilishlar sonini kamayishida profilaktik tadbirlar samara bermoqda

5 Iyul 2022 999

"O‘zagroinspeksiya" Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida qator nazorat tadbirlari olib borildi. Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi inspektorlarining bu kabi saʼyi-harakatlari natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida qonun ustuvorligi taʼminlanishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Jumladan, Inspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida 3 ming 189 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 407 tasini tekshirishlar tashkil etadi. Shu o‘rinda qayd etish lozim, Prezidentning 2021 yil 15 sentyabrdagi. “Tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy va soliq yukini yana-da kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2022 yil 1 yanvardan, tadbirkorlik subyektlarida tekshirish o‘tkazilishidan oldin qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilishi oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarni tashkil etish joriy etildi. Natijada bu bilan tadbirkorlarga yana bir qulaylik yaratildi. Yaʼni Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar tekshirish davrida aniqlanadigan qonunbuzilishlar soni kamayishiga erishilmoqda. Bu Agroinspeksiya xodimlarining qonunchilik tartib-qoidalariga to‘g‘ri rioya etilishiga oid olib borayotgan profilaktik ishlarining  samaradorligidan dalolat beradi.

-  Joriy yilning ikkinchi choragi davomida 3 ming 249 ta qonunbuzilishlar aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yil bilan solishtirganda nisbatan kamayganini ko‘rishimiz mumkin, - deydi “O‘zagroinspeksiya”viloyat boshqarmasining maʼmuriy amaliyot bo‘limi bosh inspektori A. Xolmurzayev. – Bunda albatta, xodimlarimiz tomonidan tekshirishdan oldin o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarning o‘rni katta bo‘lmoqda. Maqsad bu yerda, jazolashga emas, balki kamchilikka yo‘l qo‘yilmasligi, qonunbuzilish kelib chiqmasligiga qaratilmoqda.

Inspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan vakolat doirasida ko‘rib chiqilgan maʼmuriy ishlar bo‘yicha 266 ta qarorlar qabul qilingan bo‘lib, qo‘llanilgan jarima summasi 59 million 655 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 2 ming 782 ta monitoringlar o‘tkazilgan, 2 ming 708 ta yozma ko‘rsatmalar, 738 ta ogohlantirishlar berilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 426 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 168 ta materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida esa hokimlik va tashkilotlarga 107 ta taqdimnomalar kiritilgan. Qo‘llanilgan jami taʼsir choralari esa 3081 tani tashkil etadi.

Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari.

Text to speech