Ру Ўз O`z En

Samarqandda gʼalla parvarishini kechiktirgan 365 nafar fermer xoʼjaliklari rahbarlari ogohlantirildi

26 Yanvar 2021 2003

Samarqandlik koʼpni koʼrgan, tajribali dehqonlar tomonidan boshoqli don ekinlaridan moʼl hosil yetishtirishda oʼziga xos maktab yaratilgan. Аyni kunlarda 4 ming 470 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.

Kuzgi boshoqli don ekinlari hosildorligini yanada oshirish, qabul maskanlariga sifatli don mahsulotlari yetkazib berish maqsadida qishning qirovli kunlarida ham dalalarda ish unumdorligi susaygani yoʼq.

“Oʼzagroinspektsiya”ning markaziy apparati, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va boʼlimlari tomonidan har gektar hisobiga 5 tonnadan mahalliy oʼgʼit jamgʼarish, boshoqli don ekinlarini azotli oʼgʼitlar bilan oziqlantirish hamda kuzgi boshoqli don ekinlarining holati tahliliy ravishda oʼrganildi.

Oʼrganishlar davomida, viloyatda 86 ming 57 gektar maydondagi boshoqli don ekinlari toʼliq unib chiqqanligi aniqlandi. Oʼsish davri boʼyicha, 16 ming 356 gektar maydondagi ekinlar rivojlanishning birinchi fazasida, 23 ming 533 gektarda boshoqli don ekinlarida 3-4 chin barglar mavjudligi, 46 ming 168 gektar maydondagi gʼalla ekinlari qishki tinim davriga tuplash fazasida kirganligi aniqlandi.

Аmmo, oʼtkazilgan oʼrganishlar davomida, boshoqli don ekinlari parvarishida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan bir qator kamchiliklar ham mavjudligi maʼlum boʼldi.

Jumladan, viloyatda 644 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan ekilgan 10 ming gektardan ortiq gʼalla maydoni “qoloq” deb topilib, 2 ming 534 ta fermer xoʼjaliklarida boshoqli don ekinlari tuplamaganligi aniqlandi.

Gʼalla parvarishida yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan va sifatli bartaraf etish yuzasidan, inspektsiya markaziy apparati ishchi guruhi tomonidan 365 nafar fermer xoʼjaliklari rahbarlari ogohlantirilib, agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida va sifatli oʼtkazish yuzasidan malakali tavsiyalar berildi.

Yuqoridagi tavsiyalarga amal qilinsa, kuzgi boshoqli don ekinlaridan moʼl hosil olishga puxta zamin yaratiladi.

 

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech