Ру Ўз O`z En

Suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish javobgarlikka sabab bo‘ladi

3 Dekabr 2021 1766

Suv taqchilligi yildan-yilga sezilarli darajada namoyon bo‘layotgani, yog‘ingarchilik, yomg‘ir yoki qorni iqlim o‘zgarishi jarayonida kam bo‘layotganligi, tog‘larda muz zaxirasini, suv omborlarida esa suv zaxirasini keskin ozayishi kuzatilmoqda.

Shu boisdan vegetatsiya mavsumida isteʼmolchilar tomonidan suv resurslaridan oqilona va tejab-tergab ishlatilishi taqozo etiladi.

Shunga qaramasdan joylarda "O‘zagroinspeksiya"ning Andijon viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari davomida, suv isteʼmolchilar tomonidan suv resurslarini xo‘jasizlarcha isrof etish holatlari aniqlanmoqda.

G‘alla ekilgan maydonlarda sug‘orish ishlarini olib borishda o‘q ariqlarni 150-200 metr oraliqda olinganligi, suvchi sug‘orilayotgan maydonlarni qarovsiz holda tashlab qo‘yganligi, g‘alla ekilgan maydonlarni ko‘llatib yuborilishi va etak qismida esa suvni zovurlarga tashlab qo‘yish holatlariga duch kelinmoqda. 

Mazkur holat bo‘yicha, 2022 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekishdan keyin peshma-peshma sug‘orishda belgilangan tartibda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 653 ta kamchilliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:

Shundan, 16 ta holatda ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish;

10 ta holatda suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yish;

246 ta holatda sug‘orish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish;

7 ta holatda meʼyoridan ortiqcha suv olish;

24 ta holatda ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish;

39 ta holatda ruxsat etilmagan joylardan shartnoma tuzmasdan suv olish kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlangan.

O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan viloyat boshqarmasi hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan tartibbuzarlarga nisbatan 61 ta holat bo‘yicha maʼmuriy, 42 ta holatda moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi, 13 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

Shuningdek, 213 ta holatda joylardagi tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.

Hududlarda aniqlangan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari hamda suv tanqisligi sharoitida suvdan maqsadli va tejamli foydalanish yuzasidan viloyat hamda tumanlar sektor rahbarlariga tavsiyalar berib kelinmoqda.

Bugungi kunda “O‘zagroinspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatilgan.

                                              

 S.Abdulaxatov,  Agroinspeksiyaning Andijon viloyati boshqarmasi, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori                                              

Agronspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi Axborot xizmati  

Text to speech