Ру Ўз O`z En

Defoliatsiya – muhim agrotexnik tadbir

28 Avgust 2024 283

Kasbi tumani “G‘alaba” hududida g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli o‘tkazishga bag‘ishlangan amaliy seminar-kengash bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari U.Uzoqov, «O‘zagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Donayev hamda tuman sektor rahbarlari, barcha qishloq xo‘jaligi vakillari va fermerlar ishtirok etgan tadbirda paxta hosilini qisqa muddatlarda yog‘ingarchilik kunlarga qoldirmasdan sifatli terib olishda g‘o‘za defoliatsiyasi muhim agrotexnik tadbirlardan biri ekani taʼkidlandi.

Defoliatsiya to‘g‘ri o‘tkazilganda barglarning to‘liq to‘kilishi taʼminlanibgina qolmasdan, g‘o‘zadagi ko‘saklar 10-15 kun erta pishib yetiladi, birinchi terim salmog‘i 15-20 foizga oshib, yuqori sifatli xom-ashyo hajmi ko‘paydi. Shu qatorda defoliant g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga, ayniqsa, qora shira tushgan maydonlarga samarali taʼsir etadi. Mazkur agrotexnik tadbir qora shirani keltirib chiqaruvchi g‘o‘za bitlariga barham berib, ko‘sak va tolaning chirishini keskin kamaytiradi.

Eng muhimi, defoliatsiyaning o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilishi paxta terimining samarali o‘tishini, ish unumini taʼminlaydi. Kuzgi boshoqli don ekinlarini sifatli ekib, erta undirib olishga qulay sharoit yaratadi. Aks holda, defoliatsiya sifatsiz o‘tkazilgan yoki umuman o‘tkazilmagan g‘o‘za qator orasiga ekilgan kuzgi bug‘doy to‘liq unib chiqmaydi.

Seminarda g‘o‘za maydonlarini defoliatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, OVX purkagichlarini taʼmirlash, defoliantlar zaxirasini yaratish, ishchi eritma tayyorlash maydonchalarini tashkil qilish hamda defoliatsiyani sifatli o‘tkazilishini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Seminar ishtirokchilariga defoliatsiya tadbirlarini sifatli amalga oshirish hamda paxta hosilini terim mashinalari yordamida yig‘ishtirilib olish afzalliklari, mazkur jarayonda ishtirok etgan ishchi va mexanizatorlarga ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil qilish yuzasidan zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Taʼkidlaganidek, joriy yilda viloyatlarda parvarish qilingan g‘o‘za maydonlarining 133 ming 50 gektar maydonida defoliatsiya tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xususan, ushbu tadbirga 303 ta OVX purkagichlar qatnashishi rejalashtirilgan.

 

«O‘zagroinspeksiya»ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech