Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyati joriy yil hosili uchun ekilgan g‘allani bahorgi oziqlantirishga tayyormi?

21 Fevral 2024 746

Toshkent viloyatida joriy yilda 123 ming gektar maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlari parvarish qilinayotgan bo‘lib, hozirgi vaqtda ekilgan g‘allalar to‘liq tuplash fazasida rivojlanmoqda.

G‘alladan yuqori don hosili yetishtirishda azotli va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish katta ahamiyatga ega, kuzgi bug‘doy rivojlanishning dastlabki fazasidan boshlab, barcha rivojlanish fazalarida azotga ehtiyoj sezadi.

Bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘allani bahorgi birinchi oziqlantirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyat tumanlarida parvarish qilinayotgan 123 ming gektar g‘alla maydonlarining 104 ming 309 gektari yoki 85 foiz qismida oziqlantirish ishlari yakunlanib, mazkur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun 20 ming tonnadan ortiq azotli mineral o‘g‘itlar sarflandi.

Shu bilan birga, yerning unumdorligi va hosildorlikni yana-da oshirish maqsadida g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda.

Xususan, fevral oyi uchun g‘alla maydonlariga gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish ishlarining borishi Inspeksiya xodimlari tomonidan nazoratga olingan.

Ushbu ishlarning o‘z vaqtida sifatli hamda agrotexnik talablarga rioya qilgan holda bajarilishi yuzasidan Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan tegishli tashkilot, g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga vakolat doirasida taʼsir choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman hokimliklariga 15 ta taqdimnoma, klasterlarga 275 ta yozma ko‘rsatma va fermer xo‘jaliklariga 2 ming 314 ta ogohlantirishlar berildi hamda berilgan taqdimnoma, yozma ko‘rsatma va ogohnomada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya"ning Toshkent viloyati boshqarmasi

Text to speech