Ру Ўз O`z En

KELGUSI YIL HOSILI UCHUN SARA URUG‘LIK G‘ALLA YETISHTIRISHDAGI DOLZARB VAZIFALAR

8 May 2025 65

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va sifatli mahsulot yetishtirishda kafolatlangan urug‘liklar bilan ta’minlash eng muhim va dolzarb jarayon bo‘lib, aprobatsiya ko‘rigini sifatli o‘tkazilishini talab qiladi.

Xorazm viloyati iqlim sharoitida boshoqli don ekinlari urug‘lik maydonlarida dala aprobatsiya ko‘riklari har yili may oyida g‘allaning sut, mum pishishi va pishish fazalarida aprobatsiya o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.

Viloyatimizda joriy yilda 74 ta fermer, elita urug‘lik xo‘jaliklari hamda Ilmiy tadqiqot institutlarining jami 2099 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarida 7500 tonna  sifatli va sara urug‘lik don tayyorlash belgilangan.

 Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 641-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazilishiga qat’iy amal qilish, navga xos bo‘lmagan aralashmalari va begona o‘tlar mavjud maydonlarni urug‘likdan chiqarish va yaroqsiz deb topish bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Urug‘chilik to‘g‘risida» gi Qonunining tegishli moddalariga asosan urug‘lik  don qabul qilish maskanlari hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” tizimidagi urug‘lik sexlarining javobgar shaxslariga joriy yilda urug‘lik materiallarini qabul qilishda g‘alla navlarining aralashib ketmasligi uchun alohida joylashtirilishida va saqlanishida me’yorlar talabiga amal qilinishi hamda aprobatsiya komissiyasi rahbarlari nomiga belgilangan talablar asosida dala aprobatsiya ko‘riklarni o‘tkazish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.

Amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlar natijasida viloyatda 2026-yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil urug‘lik don jamg‘arish maqsad qilingan.

D.Qutlimuratov,

“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish sho‘basi yetakchi mutahassisi.

 

Text to speech