Navoiy viloyati tumanlarida faoliyat olib kelayotgan g‘alla yetishtirib beruvchi xo‘jaliklar tomonidan 2025-yilda 83 300 tonna boshoqli don (bug‘doy), shundan 76 600 tonna tovar va 6 700 tonna urug‘lik bug‘doy doni qabul qilish rejalashtirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan “Navoiydonmahsulotlari” AJ bosh korxonasining g‘alla mavsumga shayligi yuzasidan monitoring ishlari olib borildi.
Korxona saqlash sig‘imi 90,0 ming tonna, 1,5 ming tonnalik ayvon, 1 ta urug‘lik don tozalash, saralash va qadoqlash sexi, 2 dona avtoag‘dargich (guar), 2 ta don avtomobil va vagon tarozilari, 4 dona don tozalash mashinalari, 5 dona ko‘chma uzatuvchi transportyorlar, don qabul qilish estakadalari ta’mirlanib talab darajasida soz holatga keltirildi.
Qolaversa, jamiyatga qarashli bosh korxona laboratoriya xonalarida tahlillar o‘tkazishda kerak bo‘ladigan zarur o‘lchov vositalari hamda laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan. Avtomobil, vagon tarozilari va laboratoriya o‘lchov vositalari “O‘zbekiston milliy metrologiya” institutining Navoiy filiali tomonidan joriy yilda metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilgan hamda qiyoslov sertifikatlari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, ushbu korxonada g‘alla mavsum oldidan tayyorgarlik ko‘rishda “O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan bajarilishi majburiy xarakterga ega yozma ko‘rsatmalar berilib, doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, korxona va unga qarashli shoxobchalarning moddiy-texnika bazasini o‘z vaqtida sifatli tayyorlashda kechiktirib bo‘lmaydigan kamchiliklarni bartaraf etilishi bo‘yicha amaliy yordam berib kelinmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi.