Ру Ўз O`z En

“Zakovat” bilimdonlari final bosqichida bellashdilar

28 Fevral 2024 757

Bugungi kunda chuqur bilim olish, intellektual salohiyatni oshirish va o‘z ustida ishlash har bir davlat xizmatchisining muhim vazifasi sanaladi. Yildan yilga rivojlanib borayotgan, insonlarni bilim va tafakkuri bilan baholayotgan hozirgi davr barchamizdan yuksak salohiyat va tinimsiz mehnatni talab qilmoqda.

Avval taʼkidlanganidek, Prezidentning 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-96-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, aholining mantiqiy fikrlash qobiliyatini oshirish hamda bilimdon yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini butun respublika bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

Mana shunday tadbirlardan biri Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agroinspeksiya tomonidan tashkil etilib, tanlovning birinchi bosqichida respublika bo‘ylab 150 ta tumandan 600 nafar xodimlar ishtirok etdi va g‘olib jamoalar respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

 2024 -yil 28- fevral kuni o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichida Inspeksiyaning 13 ta tuman bo‘limlari xodimlaridan iborat jamoalar o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdilar. Intellektual o‘yinning final bosqichida faxrli 3-o‘rinni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tuman bo‘limi, faxrli 2-o‘rinni Samarqandning Narpay tuman bo‘limi, faxrli 1-o‘rinni esa Buxoro viloyatining Peshku tuman bo‘limi xodimlaridan iborat jamoalar egallashdi. Tadbir so‘ngida Inspeksiya boshlig‘i A. Vaxabov tomonidan intellektual o‘yinidagi faol ishtiroki uchun g‘olib jamoalar Inspeksiyaning bilimdon kubogi va pul yutuqlari, qolgan 10 ta tuman bo‘limlari jamoalari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Zero, “O‘zagroinspeksiya” tizimida ham ushbu intellektual o‘yinning tashkil etilishi va unda har bir tuman bo‘limlari xodimlarining faol ishtirok etganligi Inspeksiya xodimlarining nafaqat o‘z ishining yetuk mutaxassisi ekanliklari, balki, tashabbuskor, bilimli ekanliklarini ham ko‘rsatdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 “O‘zagroinspeksiya” Axborot xizmati

 

 

Text to speech